Moziydan so‘zlaguvchi Sardoba
Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi “Yog‘ochli Sardoba” qadimiy suv saqlash inshooti Toshkent – Termiz M-39 yo‘lining ustida joylashgan. Bu kabi sardobalar Qashqadaryo, Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida qisman saqlanib qolingan. Bunday inshootlar cho‘llar bag‘rida suvni yig‘ish, uni tejab ishlatish usullari ajdodlarimiz tomonidan ilmiy asosda bajarilganining amaldagi isbotidir.
Sardoba tumanidagi Gumbaz qishlog‘i ahli, ayniqsa, rahmatli Mardon hoji ota Eshonqulov va uning farzandlari, nevaralari qadimiy suv saqlash inshootini ko‘z qorachig‘idek asrab kelmoqda. Chunki bu yerga respublikamizning turli burchaklaridan ziyoratchilar tez-tez kelib turadi. Eshigi qulf bo‘lsa, Mardon bobo xonadoni bir qadam, biri bo‘lmasa biri, darrov kelib eshikni ochadi. Ko‘p yillar oldin Mardon bobodan “Agachli (Yog‘ochli)” atamasi sababini so‘raganimizda, bu yerda haqiqatan ham o‘nlab katta-katta daraxtlar bo‘lgani, yarim o‘troq chorvadorlar yashaydigan ovul shunday nomlanganini aytgan edi. Buni qarangki, daraxtlar aynan qadimiy suv saqlash inshooti tufayli unib-o‘sgan ekan. Ha, ajdodlar zakovati tufayli cho‘lda mana shunday o‘ziga xos karvonsaroy qurilganki, u ham quyosh tig‘idan saqlaydigan o‘ta salqin oromgoh, ham dam olish qo‘nalg‘asi, ham kishilar va uy hayvonlari chanqog‘ini qondiradigan hovuz vazifasini o‘tagan.

O‘n metrdan ziyod chuqurlikka ega quduq o‘rtasidan tikka ikkiga ajralgan bo‘lib, yarmi chuchuk, ya’ni odamlar uchun, yarmi chuchukmas, ya’ni chorva mollari uchun suv yig‘ilishi ta’minlanganiga nima deysiz?!

–1962 yili aka-ukalarimiz, amakilarimiz bilan shu yerga G‘allaorol tumanidagi Chuvilloq qishlog‘idan kelib ko‘ch tashladik, – deya xotirlardi Mardon bobo. – Qozoq chorvadorlarning uch-to‘rtta qora uylari bor edi, tez orada o‘sha o‘tovlar ham yig‘ishtirildi. Qo‘riq o‘zlashtirila boshlangach, cho‘pon-cho‘liqlarga non qolarmidi? Yana bir-ikki yil kechroq ko‘chib kelganimizda bu yerda yodgorlikdan nom-nishon qolmasdi. Obida tepasining ancha qismi ochilib qolgan, g‘ishtlari olib ketila boshlangan ekan. Uni yaylov joylarda o‘choq, pana joylar qurish uchun olishgan. Oqoltin tumani markazi o‘rnidagi va oraliqda sardobalar yo‘q bo‘lib ketishining sababi ham shu.

O‘n besh yilcha muqaddam, GulDU keksa o‘qituvchisi Chor Rossiyasi geograf olimlari tomonidan 1913 yilda tayyorlangan xaritani ko‘rsatgan edi. O‘sha xaritada hozirgi Sardoba tumani hududida ikkita kichik aholi yashash punkti qayd etilgan ekan. Biri Qo‘rg‘ontepa (Sardoba suv ombori shimoliy g‘arbida, hozirgi o‘sha ovul nomi bilan atalmish mahalla hududida), ikkinchisi Agachli (qazoqchadan o‘zbekchaga o‘girilsa, “Daraxtli”) biz hikoya qilayotgan qishloqda.

Obida egasi – viloyat Madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i R.Aripov bizga taqdim etgan hujjatlarda ko‘p narsa anglanib turibdi va ayrimlari, saralaganlarini muxtasar holda havola etamiz.
Prezidentimizning 2017 yil 17 yanvarda Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida o‘tkazilgan majlis bayoni qaroriga ko‘ra, jumladan, Sardoba tumanidagi madaniy meros ob’ektini ta’mirlash-tiklash uchun respublika byudjetidan 600 million so‘m ajratilgan, shundan 493,8 million so‘mlik qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan.

Sirdaryo viloyati hokimligining 2023 yil 23 martdagi farmoyishiga ko‘ra viloyatdagi to‘rtta madaniy meros ob’ektlari qatori Sardoba obidasini ham YUNESKO umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritish hujjatlarini tayyorlash va amalga oshirish uchun 75,8 million so‘mlik mablag‘ ajratildi, muayyan chora-tadbirlar bajarildi, hozirda respublika miqyosidagi tegishli idoralar ko‘magida xalqaro ekspertlar kelishi kutilmoqda.

Xalq deputatlari viloyat kengashining 2023 yil 29 martdagi qaroriga ko‘ra, jumladan, Sardoba ziyoratgohini doimiy nazoratga olish yuzasidan uch nafar xodim shtati ajratilishi belgilangan va mutasaddi tashkilotlarga so‘rovnomalar yuborilgan.
– Ko‘klam keldi deguncha ziyoratgoh tegrasida vaqti-vaqti bilan obodonlashtirish ishlari, hasharlar o‘tkaziladi, – deydi gumbazlik G‘ulom Eshonqulov. – Bunday xayrli ishlar kech kuzgacha davom etadi. Xususan, tuman Obodonlashtirish bo‘limi, tuman Madaniyat va turizmni rivojlantirish bo‘limi xodimlari tez-tez bu yerga guruh-guruh bo‘lib kelib, hamma yoqni chinniday tozalab ketishadi. Boshqa paytlari, rahmatli otam Mardon hoji nasihati bilan o‘zimiz qo‘ldan kelguncha nazorat qilib, supurib-sidirib turamiz.
Hozirda ziyoratgoh bag‘rida tez-tez bayram tadbirlari, ma’naviy-ma’rifiy marosimlar o‘tkaziladi, sho‘x va mayin musiqa sadolari yangraydi. Sardoba tarixiy obidasi sardobaliklardan, ayniqsa, gumbazliklardan behad minnatdor deb, bemalol ayta olamiz.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA