Mo‘ynoqda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda
Toshkent viloyati hokimligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanidagi mahallalardagi uylarning tom qismini ta’mirlash, yashash uchun yaroqsiz va avariya holatidagi uylarni yangidan qurish ishlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Buning uchun qabul qilingan tegishli qaror asosida 14,6 milliard so‘m ajratilgan mablag‘ hisobidan 12 ta mahalladagi jami 793 ta uy-joylarni ta’mirlash va qayta qurish ishlarini amalga oshirish belgilangan. Ushbu ob’ektlarga biriktirilgan loyihachilar tomonidan joylarda borib, tegishli tartibda o‘rganildi. Hozirda birinchi bosqichda Mo‘ynoq tuman hokimligi bilan jami 320 ta uylarning tom qismini ta’mirlash uchun hamda 61 ta yangidan uylarni qurish uchun kelishib olindi.

– Bundan tashqari, Mo‘ynoq tumanida Toshkent viloyati ko‘magida keng ko‘lamli investitsiyaviy loyihalar ham amalga oshirilmoqda, – deydi Toshkent viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Otabek Tursunov. – Jumladan, umumiy qiymati 648,1 milliard so‘m bo‘lgan 44 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shu kungacha 26 ta loyiha to‘liq ishga tushirildi. Jumladan, yana 320 milliard so‘mdan ziyod 3 ta yirik loyiha amalga oshirilishi belgilangan.

Xususan, “Muynak Sulfat Group” MCHJ tomonidan “Talli Ozek” MFYdagi kichik sanoat zonasidan 2 gektar yer maydoni auksion orqali sotib olingan. Shu bilan birga, 100 gektar xomashyo koni (karer) ajratib berilgan. Ayni kunlarda yer tekislash va qurilish ishlari boshlangan. Shuningdek, “Vishe Krishi Tashkent” MCHJga 5 gektar yer ajratilgan. 11,5 milliard so‘mlik birinchi bosqich investitsiyasi o‘zlashtirilib, turizm ob’ekti qurib bitkazilgan. Bundan tashqari, yana bir tadbirkorlik sub’ekti bo‘lgan “Olmaliq Moʻynoq Quruvchi” MCHJ rahbariyatiga jami 49,3 gektar yer maydoni loyiha uchun ajratilgan.
Toshkent viloyatidan kelayotgan bunday investitsiyalar nafaqat Mo‘ynoq tumani iqtisodiyotiga, balki umumiy mintaqaviy rivojlanishga ham katta turtki berishi, shubhasiz. Loyihalar doimiy nazorat ostida bo‘lib, belgilangan muddatlarda to‘liq amalga oshirilishi uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda. Bu esa Mo‘ynoq tumanida yangi ish o‘rinlari yaratilishi, infratuzilmaning yaxshilanishi va turizm, sanoat hamda qishloq xo‘jaligi sohalarida yangi imkoniyatlarni ochib beradi.
A.Musayev,O‘zA.