“Moturidiyning tafakkur dunyosi” asarining taqdimoti o‘tkazildi
Yurtimizda olib borilayotgan oqilona tashqi siyosat samarasi o‘laroq, ma’naviy rishtalar ham mustahkamlanib bormoqda. Ayniqsa, turkiy davlatlar bilan o‘rnatilayotgan bunday aloqalar kelgusi islohotlar uchun yanada ulug‘vorlik bag‘ishlashi shubhasiz.
Shunday izchil islohotlarning amaliy davomi o‘laroq, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Turkiya va O‘zbekistonning madaniy aloqalarida tarjimaning o‘rni” mavzusidagi muhim tadbir o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda mamlakatimizda bo‘lib turgan Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy ham ishtirok etdi.

Uchrashuv doirasida Yunus Emre instituti tomonidan tashkil etilgan “Turk madaniyatidan yaproqlar” ko‘rgazmasi bilan tanishildi.

Ko‘rgazma orqali Turkiyaning boy madaniyati, san’ati va adabiy merosiga oid namunalar namoyish etildi. Tadbirning muhim jihatlaridan biri Turkiyaning TEDA dasturi doirasida o‘zbek tiliga tarjima qilingan “Moturidiyning tafakkur dunyosi” asarining taqdimoti bo‘ldi.
-Bizni mushtarak tarix va ma’naviy qadriyatlar birlashtiradi. Bugungi madaniy muloqot esa ana shu yaqinlikni kelajak avlodlarga yetkazishning muhim vositasidir, - dedi O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov.
Ushbu tadbir talabalarning ham katta qiziqishiga sabab bo‘ldi.
Sherbek Islomov,
O‘zA