“Montsame”: Mo‘g‘uliston O‘zbekiston bilan barcha sohadagi hamkorlikni kengaytirishga tayyor
“Montsame” milliy axborot agentligi Mo‘g‘uliston va O‘zbekiston parlamenti vakillari uchrashuvi haqida xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova boshchiligidagi delegatsiyani Mo‘g‘uliston – O‘zbekiston parlament guruhi raisining o‘rinbosari Munxbat Sagaanxuu kutib olgan.
Uchrashuvda Munxbat Sagaanxuu O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim hamkor deb atab, ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirgan.
O‘z navbatida, Orzigul Qozixonova ikki davlat rahbarlarining o‘zaro oliy darajadagi tashriflari mamlakatlar munosabatlarini sifat jihatidan yangi, “har tomonlama sheriklik” bosqichiga olib chiqqanini qayd etgan.
Tomonlar savdo, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, madaniyat va ta’limdagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, parlament qo‘mitalari o‘rtasida qonunchilik tajribasini almashish masalalarini muhokama qilgan.
D.HAKIMOV,
O‘zA