Monomarkazda o‘qishning ko‘plab afzalliklari bor (+video)
Bugungi kunda respublikamizda 30dan ortiq monomarkazlarda fuqarolarimizga 70dan ortiq zamonaviy kasb-hunar sirlari o‘rgatib kelinmoqda. Birgina Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida xalq xo‘jaligi uchun dolzarb bo‘lgan 30dan ortiq kasb sirlari o‘rgatiladi.
Ushbu dargohda hozirda 653 nafar tinglovchi o‘qiyapti. Umumiy hisobda monomarkazning o‘tgan 5 yillik faoliyati davomida 10 ming nafardan ziyod fuqarolarimiz hunar o‘rgandi. Masalan, yoshlarimizda maishiy elektrotexnika jihozlarini ta’mirlash sohasiga qiziqish yuqori. Ushbu serdaromad ishni 2 oyda yoki kran operatori kasbini 3 oyda egallab, xalq xo‘jaligining turli tarmoqlariga yuqori oylikli ishga borish mumkin. Bugungi kunda bitiruvchilar xalqaro sertifikatga ega bo‘lib, 89ta xorijiy davlatga ishga qabul qilinishlari ta’minlangan.
Qiziqarli va dolzarb kasblardan yana biri surdo tarjimonlik ham monomarkazda professional darajada o‘rgatilar ekan. Imo-ishora orqali muloqot qila oladigan yoshlarga ham bugun jamiyatimizda talab ancha yuqori.
[gallery-20073]
Ko‘pchilik ish beruvchilar tajribali payvandchilarni izlab yurishadi. Albatta, shunga yarasha ularning oylik maoshlari ham doimo yuqori bo‘ladi. Chunki, bu kasb ustalariga nafaqat yurtimizda, balki xorijiy davlatlarda ham talab yuqori bo‘lib kelgan. Uch oy davomida o‘qib-o‘rganib, 2-razryadli payvandchi-usta sertifikati bilan bitirayotgan yoshlarning allaqachon ish o‘rinlari tayin.
E’tiborli tomoni, har bir fuqaro o‘z mahallasiga murojaat qilib, yo‘llanma orqali tanlagan faqat bir kasbni bepul o‘rganishi mumkin. Kurs davomida tinlovchilar shuningdek ingliz, rus tilini va tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rganib, bilimlarini oshiradilar. Xullas, davlat tomonidan yaratib berilgan yangi tizim yigit-qizlarga 2-3 oy ichida kasbli, hunarli bo‘lib, jamiyatimizning faol a’zosi bo‘lishlariga, tezda oyoqqa turib olishlariga yaqindan ko‘makchi bo‘lmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/RTa1CuBU_XY?si=487noUNoRCxxk6yO" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov
Asliddin Alijonov
Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA