Moliyaviy sog‘lomlashtirish samaralari
Trikotaj matodan mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan “Katqal’ateks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi.
Xorazm viloyatidagi “Shovotteks” qo‘shma korxonasi bankrotlik sabab o‘z faoliyatini to‘xtatgan edi. “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat bankining 6,2 million dollardan ziyod investitsiyasi hisobiga mazkur korxona negizida trikotaj matodan mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan “Katqal’ateks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi.
Amalga oshirilgan tadbirlar samarasida qirqqa yaqin malakali ishchi-xodim yana ish joyiga qaytdi. Shu bilan birga, bu yerda 200 dan ortiq yangi ish o‘rni barpo etildi. Faoliyati qayta tiklangan korxona bir yilda 10,5 million dona paypoq va 780 ming dona trikotaj mahsuloti ishlab chiqarish quvvatiga ega. Hozir “Katqal’ateks” belgisi bilan xaridorlarga taklif etilayotgan mahsulotlar mamlakatimizdagi ko‘plab savdo do‘konlarida sotilmoqda.
Mamlakatimiz bank tizimi iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, strategik ahamiyatga ega asosiy tarmoqlarni moliyalash hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka oid innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlashda faol ishtirok etmoqda. Zero, yurtimiz iqtisodiyotini yanada mustahkamlash, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirishda banklar alohida o‘rin tutadi.
Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida ta’kidlanganidek, o‘tgan yili tijorat banklarining investitsiyaviy faoliyati ham kengaydi. Banklar tomonidan 2014-yilda 1 milliard 700 million dollar yoki 2013-yilga nisbatan 20 foiz ko‘p miqdorda investitsiya yo‘naltirilgani buning yorqin isbotidir.
Davlatimiz rahbarining 2008-yil 18-noyabrdagi “Iqtisodiyot real sektori korxonalarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni iqtisodiy nochor korxonalarni sog‘lomlashtirish va modernizatsiyalashga bank investitsiyalarini yo‘naltirishda muhim omil bo‘layotir. Mazkur farmonda past rentabelli, zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash, ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ta’minlashda tijorat banklarining mablag‘larini keng jalb etish belgilangan.
O‘tgan yillarda banklar 173 iqtisodiy nochor korxonani o‘z balansiga qabul qilib, ular faoliyatini tiklash uchun 569,1 milliard so‘m investitsiya yo‘naltirdi. Natijada 2 trillion 781,6 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Shundan 728,5 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
“Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat banki iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish va ularda ishlab chiqarishni qayta tiklash ishlarida faol qatnashmoqda. Bunday korxonalarni zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlash, ular negizida raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish hamda korxonalarni strategik investorlarga sotish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda. O‘tgan davr mobaynida 100 foizlik investitsiya ulushi bilan 12 korxona bank balansiga qabul qilinib, moliyaviy sog‘lomlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi “Kast” qo‘shma korxonasi – ulardan biri. Bank ko‘magi evaziga korxona negizida marmar va granit plita ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “G‘azalkent Granit” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. So‘ngra korxona mol-mulki “Aziya Granit Invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga sotilib, bu yerda 40 dan ziyod ish o‘rni yaratildi.
– Korxonamiz zamonaviy talablar asosida faoliyat yuritadi, – deydi mazkur jamiyat rahbari Alisher Akromov. – Olib borilgan muzokaralar evaziga 2010-yil dekabrda “Ipoteka-bank” investitsiyasi evaziga tashkil qilingan “G‘azalkent Granit” korxonasini o‘z balansimizga oldik. Ishlab chiqarishda yaratilgan qulayliklar, ayniqsa, soliq imtiyozlari yangi korxonaning oyoqqa turishida sezilarli ko‘mak bo‘ldi. Daromad solig‘i, yagona, mol-mulk hamda yer solig‘i to‘lashdan uch yil mobaynida ozod etilganimiz va mazkur mablag‘lar modernizatsiya ishlariga yo‘naltirilgani natijasida ishlab chiqarish yil sayin ortmoqda. 2013-yilda 2,5 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqargan bo‘lsak, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 3,5 milliard so‘mdan oshdi. Kelajakda korxona faoliyatini kengaytirish evaziga ishlab chiqarish hajmini oshirish, tayyor mahsulotlarni eksportga chiqarishni rejalashtirmoqdamiz.
Buxoro viloyatidagi “Afruz marmar” korxonasi ham bank balansiga qabul qilingach, tez orada “Buxoro lyuks marmar” korxonasiga aylantirildi. 2011-yildan buyon korxona to‘liq quvvat bilan presslangan marmar plitalari ishlab chiqarmoqda. Italiya texnologiyasi asosida giperpresslash yo‘li bilan tayyorlanayotgan mahsulotlar sifati 30-yilga kafolatlangan.
– O‘n beshdan ziyod yosh ish bilan ta’minlangan korxonamizda oq sement va maydalangan toshdan presslangan marmar plita ishlab chiqarilmoqda, – deydi korxona rahbari Firdavs Nizomov. – Bank bilan olib borilgan muzokaralar tufayli ushbu korxonani sotib olishga kelishib, to‘lov jadvalini ishlab chiqarish mavsumiga ko‘ra tuzdik. So‘ngra tubdan modernizatsiya ishlari olib borilib, imtiyozlar evaziga tejalgan mablag‘ uskunalarni qayta ta’mirlashga yo‘naltirildi. Buning samarasida mahsulot ishlab chiqarish hajmi ortmoqda. Misol uchun, 2013-yilda 750 million so‘mlik presslangan marmar plita ishlab chiqarilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 1,1 milliard so‘mdan oshdi. Joriy yilda mahsulot miqdorini 2 milliard so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.
Muxtasar aytganda, tijorat banklarining moliyaviy ko‘magi evaziga faoliyati qayta tiklangan iqtisodiy barqaror, raqobatdosh korxonalar mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hajmi va sifati oshib, xalqimiz turmush darajasi yanada yuksalishida muhim omil bo‘lmoqda.