Moddiy ta’minotim yanada yaxshilandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan fevral oyida davlat idoralari va tijorat banklariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha yangi hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yilgan edi. Ayni shu tizim sabab bugungi kunda Buxoro viloyatida 91 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligi ta’minlandi.
Peshku tumani Bog‘imuso mahallasida yashovchi 21 yoshli Nurmuhammad Ubaydullayev 2-guruh nogironi. Hozirda ham o‘qib, ham ishlayapti. Ayni damda Buxoro davlat universitetining 3-bosqich talabasi bo‘lgan Nurmuhammad tuman Mikrokreditbank bo‘limida Kreditlarni boshqarish va monitoring sho‘basi 1-toifali mutaxassisi lavozimida ishlamoqda.

– Mutaxassisligim bo‘yicha ishga kirdim, – deydi Nurmuhammad Ubaydullayev. – “Inson” markazi xodimlari hujjatlarimni vacancy.argoz.uz orqali topshirishga ko‘maklashdi. Suhbatdan o‘tdim. Ishimdan mamnunman. Nogironlik nafaqamga qo‘shimcha ravishda olayotgan maoshim oilamning moddiy ta’minoti yanada yaxshilanishiga xizmat qildi.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda Buxoro viloyatida 330 dan ziyod bo‘sh ish o‘rni e’lon qilingan. 1301 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan ariza topshirilgan. 631 nafar fuqaro bilan suhbatlashilgan.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.