Mis klasteri – kelajak loyihasi (+video)
Ma’lumotlarga ko‘ra O‘zbekiston mis mahsulotlarining eksportidan 2,5 milliard dollar daromad oladi va bu metalning qariyb 60 foizi xomashyo sifatida sotiladi. So‘nggi 5 yil ichida respublikada mis ishlab chiqarish hajmi qariyb 1,5 barobarga oshdi. Bu quvonarli xol albatta, lekin mis ham boshqa nodir metallar kabi qayta tiklanmaydigan resurs hisoblanadi.
Yana bir muhim jihati, elektr transport vositalari va elektrotexnika sohasida tovar ishlab chiqarishning ko‘payishi hisobiga 2030 yilga borib, misga bo‘lgan global talab 40 foizga o‘sishi kutilmoqda. Shu bois davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ilk bor “xom ashyodan tayyor mahsulotgacha” degan tamoyil asosida “Mis sanoati klasteri” barpo etilmoqda.
Bu borada Prezident qarori ham qabul qilinib, Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida 138 gektar maydonda “Eltech Industrial” texnoparki tashkil etildi va “asr qurilishi”ga start berildi.
Bugungi kunda ushbu hududda umumiy qiymati 266,1 mln dollarlik 18ta investitsion loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, buning natijasida misni qayta ishlash quvvati salkam 65 ming tonnaga yetkaziladi. Qariyb 3000 ta yuqori daromadli yangi ish o‘rinlari yaratiladi va tayyor mahsulotning eksport hajmi 400 mln AQSH dollariga yetadi.
- 2021 yilda Prezidentimizning Olmaliq shahriga tashrifi davomida mis boyitish fabrikasining ochilish marosimida so‘zlagan nutqlarida mis rudasini tayyor mahsulotga aylantirish zarurligi haqida to‘xtalib o‘tdilar va zarur topshiriqlarni berdilar - deydi “Eltech Industrial” texnoparki direktori o‘rinbosari Shuhrat Samatov. – Ushbu g‘oyaning mantiqiy davomi sifatida 2022 yilda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan respublikamizda birinchi marotaba “xom ashyodan tayyor mahsulotgacha” degan tamoyil asosida ko‘p pog‘onali qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishga qaratilgan, iqtisodiyotning drayveri sanalgan ilmiy-texnologik “Mis sanoati klasteri”ni tashkil etish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi va ishlar boshlab yuborildi.
Hududimizda hozirda 10 loyihani ishga tushirish bo‘yicha jadal suratda ish ketmoqda, 3ta loyihamizda yerni tayyorlash ishlari olib borilyapti, 1ta loyihamiz ishga tushirilgan. 2024 yil yakuniga qadar yana 2ta loyihamiz ishga tushadi. 2026 yilgacha barcha loyihalar faoliyat ko‘rsatishni boshlaydi.
Albatta qurilayotgan ushbu inshootlarni “kelajak loyihasi” ham deyish mumkin. Chunki, bugungi kunda hayotimizga elektr energiyada harakatlanuvchi transport vositalari: elektromobillar, elektr avtobuslar va yuk mashinalari tez kirib kelmoqda. Undan tashqari O‘zbekiston iqtisodiyoti “yashil energetika” tizimiga o‘tar ekan, albatta katta miqdorda tarkibida mis bo‘lgan qurilmalar, elektr uskunalar kerak bo‘ladi.
Oddiy misol, mazkur metal elektrda harakatlanadigan avtoulovlarda ichki yonuv dvigatellik avtomobillarga qaraganda qariyb to‘rt barobar ko‘p ishlatiladi. U elektr motorlarning batareyalari, o‘ramlari va mis rotorlarida, elektr simlarida, avtobuslarda va zaryad infratuzilmasida ham katta miqdorda mavjud.
Bugun dunyoda birgina elektromobillar bozorida 3 million tonnadan ziyod misga talab bor. Mis elektr o‘tkazuvchanligi, chidamliligi va egiluvchanligi yuqori bo‘lganligi sababli, elektromobil uchun muhim element hisoblanadi. Ammo, undan ham ko‘proq qismi zaryad stansiyalarida va elektr tarmoqlari infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlashda ishlatiladi. Shamol energetikasi va quyosh panelli elektr stansiyalarining rivojlanishida ham mis muhim rol o‘ynaydi.
Shunday ekan davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan boshlangan ushbu loyiha O‘zbekiston xalqi farovonligi va kelajagi uchun qo‘yilgan yana bir katta qadamdir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/2uq3xHhZ9UI" title="Mis klasteri – kelajak loyihasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA