Mis ishlab chiqarish qariyb 39 foizga ortadi
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan kombinat tasarrufidagi “Qalmoqqir” va “Yoshlik” koni, markaziy taʼmirlash-mexanika zavodi hamda issiqlik elektr markaziga preyes-tur tashkil etildi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan kombinat tasarrufidagi “Qalmoqqir” va “Yoshlik” koni, markaziy taʼmirlash-mexanika zavodi hamda issiqlik elektr markaziga preyes-tur tashkil etildi.
Preyes-tur avvalida kombinat boshqaruv raisi Abdulla Xursanov jurnalistlar bilan uchrashib, kombinat tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va galdagi rejalar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Mamlakatimizda rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalardan hisoblangan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatini texnik-texnologik modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, tarkibiy islohotlarni chuqurlashtirish orqali uning raqobatbardoshligini oshirish borasida olib borilayotgan tizimli islohotlar yuksak samara bermoqda. Kombinatda mahalliylashtirish, investitsiya jalb qilish, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish borasida qator loyihalar amaliyotga tatbiq etilayotgani sarf xarajatni qisqartirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish, ishchilar qoʻl mehnatini yengillashtirishga zamin yaratayotir.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, 2018-yilning avgust oyida kombinatdagi davlat ulushi “SFI Management Group” kompaniyasi ishonchli boshqaruviga berildi. Mazkur kompaniya tomonidan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ishlab chiqarishining mavjud holatini oʻrganish va uning faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida tarkibi yetakchi xorijiy olim va ekspertlardan iborat xalqaro maslahat guruhi jalb etildi.
Xalqaro maslahat guruhi tomonidan 2019-2022-yillarda kombinat ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish boʻyicha dastur ishlab chiqildi. Shuningdek, 2022-yilga qadar 2 milliard dollardan ortiq investitsiya jalb etish rejalashtirildi.
Oʻtgan asrning 20-yillarida ochilgan “Qalmoqqir” koni 1954-yilda foydalanishga topshirilgan. Konning yillik quvvati 30 million tonna maʼdan qazib olishni tashkil etadi. Foydalanishga topshirilganidan boshlab ayni paytga qadar kondan bir milliard tonnadan ortiq maʼdan qazib olingan.
Joriy yilning 1-avgustiga qadar esa 22 ming tonnadan ortiq ruda, qariyb 92 ming tonna mis, 997 tonna molibden qazib olinib, boyitish fabrikalariga yuborilgan.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017-yil 11-avgustda oʻzlashtirilishiga start berilgan “Yoshlik” koni ulkan mis zaxirasiga ega, – deydi “Yoshlik” konini oʻzlashtirish investitsion loyihasini amalga oshirish direksiyasi bosh muhandisi Zokirxoʻja Eshonxoʻjayev. – Ayni paytda konni oʻzlashtirish jarayonida bir ming 300 nafar ziyod konchilar mehnat qilmoqda. Aksariyati yosh mutaxassislar iborat jamoa tomonidan shu kunga qadar 26 million kub qoplama jinslari qazib olinib, pogʻonalar tashkil etildi. Ushbu koʻrsatgichni 74 million kubga yetkazish va natijada 2021-yildan boshlab kondan dastlabki mahsulot olish rejalashtirilmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, konning yillik quvvati 23 million tonnani tashkil etadi. Shuning hisobiga 2030-yilga borib kombinatning mis ishlab chiqarish hajmi 2016-yilga nisbatan qariyb 39 foizga ortadi. 2035-yilda toʻliq quvvatda foydalanilishi kutilayotgan “Yoshlik” koni ochilishi hisobiga esa kombinatda 6 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi.