Mirzo Ulug‘bek madrasasidan fotoreportaj
Temuriylar davlati Markaziy Osiyo tarixida nafaqat siyosiy va harbiy jihatdan, balki ilm-fan, madaniyat va me’morchilik sohalarida ham ulkan iz qoldirgan. Ana shu boy merosning yorqin namunalaridan biri Buxoro shahridagi Mirzo Ulug‘bek madrasasidir.
Mazkur madrasa 1417-yilda Amir Temurning nabirasi, buyuk olim va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tomonidan bunyod etilgan.
Mirzo Ulug‘bek ilm-fan taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan tarixiy shaxs sifatida e’tirof etiladi. U Samarqandda mashhur rasadxona barpo ettirish bilan birga, Buxoro, G‘ijduvon va Samarqand shaharlarida bir qator madrasalar qurdirgan. Buxorodagi ushbu madrasa uning dastlabki yirik ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi.
Madrasa me’moriy jihatdan ikki qavatli qilib qurilgan bo‘lib, uning ichki tuzilishi an’anaviy sharqona uslubda barpo etilgan. Markaziy qismni ichki hovli egallagan bo‘lib, uning atrofida talabalar uchun mo‘ljallangan hujralar — darsxona va yashash xonalari joylashgan. Har bir hujra kichik, ammo qulay va funksional bo‘lib, talabalarning ta’lim olishi hamda yashashi uchun moslashtirilgan.
Madrasa peshtoqi, gumbazlari va devorlaridagi koshin bezaklari nafisligi hamda murakkab geometrik naqshlari bilan ajralib turadi. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, ushbu madrasa o‘z davrida Markaziy Osiyoning eng nufuzli ilm maskanlaridan biri bo‘lgan. Bu yerda diniy ilmlar bilan bir qatorda matematika, astronomiya va falsafa kabi fanlar ham o‘qitilgan. Bu esa Mirzo Ulug‘bekning ilm-fanga bo‘lgan keng qamrovli qarashlarini yaqqol namoyon etadi.
Madrasa bugungi kunda Buxoro shahrining muhim tarixiy obidalaridan biri sifatida saqlanib kelmoqda. Ayni paytda uning ichki qismida restavratsiya va ta’mirlash ishlari olib borilayotgan bo‘lsa-da, bu holat obidaning tarixiy ahamiyatiga putur yetkazmaydi. Aksincha, amalga oshirilayotgan ishlar madrasaning asl qiyofasini saqlab qolish va uni kelajak avlodlarga bezavol yetkazishga xizmat qilmoqda.
[gallery-28982]
Sayyohlar ushbu tarixiy maskanga nafaqat uning betakror me’moriy go‘zalligini tomosha qilish, balki temuriylar davridagi ilmiy muhit ruhini his etish uchun ham tashrif buyurmoqda.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA