Mirzacho‘lda faoliyatsiz korxonalar qayta tiklanmoqda
Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida faoliyati to‘xtab qolgan korxonalarning 16 tasi “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida ishlab chiqarish jarayonini yana qayta tiklayotir.
Soliq – mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy qon-tomirlaridan bo‘lib, byudjet mablag‘lari, jumladan pensiya, nafaqa, byudjet tashkilotlari xodimlarining oylik maoshlari soliq tushumidan shakllantiriladi.

Joriy yilning 7 noyabr kuni “Mahalliy sanoatni yanada rivojlantirish borasida mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yuklatilgan topshiriqlar ijrosi doirasida Mirzacho‘l tumanida soliq xodimlari ishni “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida yo‘lga qo‘ygan. Soliq to‘lovchilar duch kelayotgan turli muammolarni bartaraf etishda soha vakillari yaqindan ko‘mak berayotir.
2022 yilning o‘tgan 11 oyi davomida Mirzacho‘l tumanida yangi ochilgan 212 ta tadbirkorlik sub’ektining yuridik manziliga borgan holda rahbar va hisobchilar bilan uchrashib, ularga soliq ma’murchiligi yuzasidan ma’lumotlar berildi, hisobot taqdim qilish muddatlari va majburiyatlari tushuntirildi.

Iqtisodiy muammolar sababli tumandagi 265 ta faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalarning yuridik manziliga borgan holda o‘rganishlar o‘tkazilib, 16 ta faoliyatsiz korxonalar tiklash istagi borligini bildirgan. Hozirda ularning faoliyatini qayta tiklash, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga yordam berilmoqda.
“Mirzacho‘l agroprom” mas’uliyati cheklangan jamiyati jamoasi qayta tiklanishida tuman davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan bo‘sh turgan bino topilib yordam berildi va endilikda, avval ushbu korxonada mehnat qilgan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ro‘yxatida turgan 50 nafar mirzacho‘llik band bo‘lmagan xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlandi.

Ushbu korxona faoliyatini yo‘lga qo‘ygach, tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish aylanmasini 10 milliard 600 million so‘mga yetkazadi va jamiyat tomonidan tikilgan kiyim-kechak va boshqa yarim tayyor tikilgan 2 milliard 600 million so‘mlik mahsulot eksport qilinadi.
Tumanda ko‘pchilikka namuna bo‘layotgan “Mirzacho‘l yulduzi tomorqa xizmati” MCHJ yaqinda davlat ro‘yxatidan o‘tganiga 1 yil to‘ladi. Jamoa a’zolari aholidan tushgan talablar asosida tomorqa xizmati ko‘rsatish, 1 va 2 sotixlik issiqxonalar qurish faoliyati bilan shug‘ullanib kelmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA