Milliy tarbiya modelini ishlab chiqish borasida qanday ishlar qilinmoqda?
Mamlakatimizda yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, uzluksiz ta’lim tizimida yagona g‘oyaviy tarbiyani shakllantirish, yoshlarning intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini kengaytirish, vatanparvarlik, xalqqa muhabbat va sadoqat fazilatlarini rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2025-2026 o‘quv yilidan boshlab barcha ta’lim tashkilotlarida “Kelajak soati” mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yildi. Mazkur loyiha 11,8 million nafardan ortiq o‘quvchi va talabani qamrab olgan bo‘lib, mashg‘ulotlar 389 ming nafar pedagog tomonidan olib borilmoqda. Darslarni yuqori sifatda tashkil etish maqsadida yuzlab ssenariylar, videodarslar va metodik materiallar tayyorlanib, raqamli platforma orqali barcha ta’lim muassasalariga yetkazilmoqda.
Shu bilan birga, mamlakat bo‘ylab “Xavfsiz maktab” muhiti joriy etildi. Yoshlarni giyohvandlik, zo‘ravonlik, erta nikoh va boshqa ijtimoiy xavf-xatarlardan himoya qilishga qaratilgan profilaktik mexanizmlar kuchaytirildi. Bu esa ta’lim muassasalarida sog‘lom ma’naviy muhitni ta’minlash va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va Mudofaa vazirligi hamkorligida deyarli barcha umumta’lim maktablarida “Vatan tayanchi”, “Jasorat maktablari” faoliyati yo‘lga qo‘yildi hamda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari joriy etildi.
Ilk bor O‘zbekistonning Milliy tarbiya modeli ishlab chiqilyapti. Ushbu model doirasida yoshlarda milliy o‘zlikni anglash, ajdodlar merosiga hurmat, milliy g‘urur, vatanparvarlik, faol fuqarolik, qonunga hurmat, tanqidiy fikrlash, media savodxonlik va axborot xavfsizligi bo‘yicha barqaror kompetensiyalarni shakllantirish ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan.
Shuningdek, “Tarbiya” fani mazmuni Milliy tarbiya modeli asosida qayta takomillashtirilmoqda. Ilg‘or xalqaro tajribalar chuqur tahlil qilinib, yangi davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarida vatanparvarlik, milliy qadriyatlarga sadoqat, ijtimoiy odob va faol fuqarolik kabi asosiy kompetensiyalar ustuvor yo‘nalish sifatida mustahkamlanmoqda.
“milliytarbiya.uz” platformasi orqali pedagoglar, o‘quvchilar va ota-onalar uchun yagona raqamli metodik muhit shakllantirilmoqda. Platformada zamonaviy videokontentlar, elektron darsliklar, metodik qo‘llanmalar, podkastlar, interaktiv materiallar va tarbiyaviy monitoring vositalari bosqichma-bosqich joylashtirilmoqda.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida aytib o‘tildi. Unda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E.Karimovaning “Ta’lim tashkilotlarida yoshlarni milliy qadriyatlar va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan Milliy tarbiya modelini ishlab chiqish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” parlament so‘roviga javobi ko‘rib chiqildi.
Majlisda vazirlik tomonidan ta’lim tashkilotlarida yoshlarni milliy qadriyatlar va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga yo‘naltirish bo‘yicha mamlakatimizda Milliy tarbiya modelini ishlab chiqish borasida muayyan ishlar amalga oshirilayotgani qayd etilib, mazkur masala ijrosi doimiy parlament va deputatlik nazoratida bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.
Yakunda parlament so‘roviga vazirning javobi ma’lumot uchun qabul qilindi.
M.Komilova,
O‘zA