Milliy qonunchilik talabi va kontent mas’uliyati
Nukusda “Axborot makonida milliy qonunchilik talablari, kontent mas’uliyati va bolalarni zararli axborotdan himoya qilishning dolzarb masalalari” mavzusida hududlararo o‘quv-seminar tashkil etildi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan tashkil etilgan seminar Qoraqalpog‘iston Respublikasida an’anaviy shaklda, Xorazm va Buxoro viloyatlari bilan Zoom platformasi orqali o‘tkazilib, unda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ommaviy axborot vositalari, noshirlik-matbaa sohasi vakillari hamda sohaga aloqador tashkilotlardan 200 nafar ishtirokchi qatnashdi.
O‘quv-seminarning asosiy maqsadi axborot sohasida davlat nazoratini amalga oshirishda milliy qonunchilik talablarining bir xil qo‘llanilishini ta’minlash, axborot makonida noqonuniy kontent tarqalishining oldini olish hamda bolalarni zararli axborotdan himoya qilish sohasidagi huquqiy va amaliy mexanizmlarni muhokama qilishdan iborat.
Seminarda ta’kidlanganidek, raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi axborot almashinuvi imkoniyatlarini kengaytirish bilan bir qatorda, internet muhitida noqonuniy kontent tarqalishi, bolalarga zarar yetkazuvchi axborotlar, kiberbulling, soxta axborot va boshqa xavflarga qarshi ta’sirchan huquqiy va tashkiliy mexanizmlarni takomillashtirishni talab etmoqda.
[gallery-31490]
Xususan, raqamli texnologiyalar hayotning barcha sohalariga chuqur kirib borayotgan bugungi kunda bolalar internet va raqamli platformalarning eng faol foydalanuvchilaridan biriga aylanmoqda. Internet ular uchun ta’lim olish, muloqot qilish va ijodiy salohiyatni rivojlantirish imkoniyatlarini yaratsa-da, zararli axborot, kiberbulling, qimor o‘yinlari targ‘iboti, narkotik moddalarni ommalashtirish, pornografik materiallar, soxta axborot va sun’iy intellekt yordamida yaratilgan deepfake materiallari kabi yangi axborot xavflarini ham keltirib chiqarmoqda.
Xalqaro tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi internet foydalanuvchilarining qariyb uchdan bir qismini 18 yoshga to‘lmagan bolalar tashkil etadi. Shu munosabat bilan bolalarning raqamli muhitdagi xavfsizligini ta’minlash jahon miqyosida davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tadqiqotlariga ko‘ra, o‘smirlarning 11 foizida ijtimoiy tarmoqlardan muammoli foydalanish belgilari kuzatilgan. Bu kabi tendensiyalar mamlakatimiz uchun ham dolzarb hisoblanadi. Milliy axborot makonida joriy yilning birinchi yarim yilligida o‘tkazilgan monitoring natijalari axborot sohasida davlat nazoratini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Hisobot davomida internet resurslari, teleradiokanallar, davriy bosma nashrlar va nashriyot mahsulotlarida jami 1 ming 400 ta holat bo‘yicha qonunchilik talablari buzilgani, bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasida esa 3 ming 150 ta qonunbuzilish aniqlandi. Internet muhitidagi holat alohida e’tiborni talab qiladi. “UZ” domenidagi 915 ta veb-sayt faoliyatida 1 ming 854 ta qonunbuzilish qayd etildi.
Ularning asosiy qismi qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, axloqsizlik va behayolik targ‘iboti, alkogol, tamaki mahsulotlari va narkotik moddalar reklamasi bilan bog‘liq. Ushbu raqamlar bolalarni zararli axborotdan himoya qilishda faqat huquqbuzarliklarni aniqlash emas, balki ularning oldini olish mexanizmlarini ham kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Bolalar uchun xavfsiz axborot muhitini shakllantirish davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, raqamli platformalar, ta’lim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari va ota-onalarning hamkorligini talab qiladi. Davlat nazorati mexanizmlarini zamonaviy raqamli texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish, profilaktik yondashuvlarni kuchaytirish hamda milliy qonunchilikni xalqaro ilg‘or amaliyotlar asosida takomillashtirish ushbu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Tadbir davomida ishtirokchilarga raqamli axborot makonida qonuniylik va xavfsizlikni ta’minlash, bolalar manfaatlarini ta’minlashda mahalliy davlat hokimiyati organlarining mas’uliyati, kibermakonda qonun ustuvorligi, ommaviy axborot vositalarining kontent mas’uliyati, shuningdek, bolalarni zararli axborotdan himoya qilishning huquqiy asoslari, yoshga oid tasniflash va ekspertiza masalalari yuzasidan ma’ruzalar taqdim etildi. Shuningdek, seminar doirasida axborot sohasidagi faoliyatni tartibga soluvchi qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati, ommaviy axborot vositalarida noqonuniy kontentning oldini olishning tashkiliy-huquqiy asoslari, ommaviy axborot vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi hamda bolalar uchun xavfsiz axborot muhitini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
— Ommaviy axborot vositalari xabarni birinchi bo‘lib berishga intilar ekan, uning aniqligi va ishonchliligini ikkinchi o‘ringa qo‘ymasligi kerak. Ayniqsa, favqulodda vaziyatlar, ijtimoiy ziddiyatlar, sog‘liqni saqlash, moliyaviy masalalar yoki davlat xavfsizligiga oid mavzularda e’tiborsiz e’lon qilingan bir xabar jamoatchilik orasida noto‘g‘ri tushunchalarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun “avval tekshirib - keyin e’lon qilish” tamoyili zamonaviy jurnalistikamizning eng muhim qoidalaridan biri bo‘lishi kerak, — deydi Qoraqalpog‘iston axborot agentligi direktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Baxamdulla Nurabullayev.
Ishtirokchilarga kibermakonda qonuniylikni ta’minlash, raqamli muhitda bolalar xavfsizligi va axborot xavflarining oldini olishga bag‘ishlangan maxsus videoroliklar namoyish etildi.
Mazkur o‘quv-seminari axborot sohasida davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, noshirlik-matbaa tashkilotlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, qonunchilik talablarini amaliyotda samarali qo‘llash, axborot makonida qonuniylikni ta’minlash hamda bolalar uchun xavfsiz axborot muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari