Milliy ozodlik kurashchisi Hasanxon Niyoziy (+video)
"Jadidlar — millat qahramonlari" loyihasining bu galgi sonida XX asr boshlaridagi ma’rifatparvar, jadid, shoir, pedagog va milliy ozodlik kurashchisi Hasanxon Niyoziy haqida ma’lumot beriladi.
Hasanxon Niyoziy ziyoli, pedagog olim 1895-yilda Andijonda tug‘ilgan. Bobosi Muhammadxon Niyoz o‘g‘li, otasi Matmusa (Muhammad Musa) asli Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanidan bo‘lgan. Onasi Hanifa otin ziyoli ayollardan edi. Uning Husanxon va Salimxon ismli ukalari bo‘lgan. U dastlab eski maktabda, 1902–1912-yillarda madrasada ta’lim olgan. So‘ng 4 yil davomida rus-tuzem maktabida o‘qigan. Musiqa va rasm chizishni mustaqil o‘rgangan.
U 1917-yildan “Sho‘roi Islom”ning Andijondagi faoliyatida ishtirok etgan. 1917–1927-yillarda diniy sohada faoliyat yuritgan. Hasanxon Niyozov 1919–1921-yillari qurolli qarshilik harakatining faoliyatida ishtirok etgan, qo‘rboshilarni qo‘llab-quvvatlagan. Andijonda 1921-yilda “Milliy ittihod” tashkilotiga raislik qilgan. Bu tashkilot doirasida ma’rifatparvarlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Andijondagi maktablarda ta’lim bergan. 1927-yil otasi vafot etgach, padari buzrukvori ishini o‘z zimmasiga olgan. 1932–1934-yillarda Andijon suv xo‘jaligi idorasida miroblik vazifasida ishlagan. 1934–1937-yillarda shahardagi 18-o‘rta maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan va ayni vaqtda o‘qituvchilar tayyorlash bilim yurtining kechki bo‘limida o‘qigan. 1937-yil iyul oyida qamoqqa olingan.
Toiraxon G‘ozixo‘ja qizi bilan oila qurgan. Ularning Odilxon, Basimaxon, Sitoraxon, Nohidxon ismli farzandlari bo‘lgan.
Hasanxon Niyozi birinchi bor 1931-yili DSB organlari tomonidan hibsga olingan, 5 kun turmada saqlangan. 1931-yil “aksilinqilobchi” arboblardan Muso Nurullo hojining muhojirlikka chiqib ketishiga yordamlashganlikda, yapon fashistlarini maqtab, “Musulmonobod” davlat tuzish g‘oyasini targ‘ib etganlikda ayblangan.
1937-yil 2-iyulda Ichki Ishlar Xalq komissarligi tomonidan “Milliy ittihod” tashkiloti a’zosi sifatida hibsga olinadi va 1937-yilning noyabrida otuvga hukm qilingan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/W3OWZgc9Lps" title="Milliy ozodlik kurashchisi Hasanxon Niyoziy" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA