Milliy media sohasidagi muhim hujjat
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan davlatimiz rahbarining joriy yil 27 iyunda qabul qilingan “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatini O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov ochib berib, ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishga bo‘lgan e’tibor davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelgani, keyingi yillarda milliy jurnalistika sohasida ro‘y bergan katta o‘zgarish va yangilanishlar xususida so‘z yuritdi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov shu paytgacha qabul qilingan hujjatlar orasida Prezidentning 2022 yil 27 iyunda qabul qilingan “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qamrovining kengligi, yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarga aniq va amaliy yechim topilgani bilan ahamiyatli ekanini ta’kidladi.
Darhaqiqat, ushbu hujjat milliy matbuotni rivojlantirish, ommaviy axborot vositalari vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni har jihatdan rag‘batlantirish borasida yangi imkoniyatlar ochib berishi bilan ahamiyatlidir.
Mazkur hujjat O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarni amalga oshirish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarining qonuniy manfaatlarini himoyalashni kuchaytirish, ular faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kadrlar salohiyati va raqobatbardoshligini yanada oshirish, jurnalistika sohasini ravnaq toptirishda dasturilamal hujjat bo‘lishi shubhasiz.

Ushbu qarorga muvofiq, 2023 yildan boshlab jurnalistlar o‘rtasida har yili an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov sovrindorlari: bosh milliy mukofot uchun – avtomobil, birinchi o‘rin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari; ikkinchi o‘rin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 175 baravari; uchinchi o‘rin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari; 12 ta rag‘batlantiruvchi nominatsiya har biri uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
2023-2024 yillarda 50 nafar jurnalist va tahririyat xodimlari xorij mamlakatlariga malaka oshirish, tajriba o‘rganish, stajirovka o‘tash va nufuzli media tadbirlarda ishtirok etish uchun yuborilishi hamda ular uchun xorijlik malakali mutaxassislar jalb etilgan holda o‘quv kurslar tashkil etilishi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Jurnalistlarning qonuniy manfaatlari va huquqlarini himoya qilish tizimini yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi jurnalistlar va davlat organlari, jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida yuzaga kelgan nizolarning sudgacha hal etilishiga ko‘maklashadi. Jurnalistlarning professional faoliyatiga taalluqli jinoyat ishlari bo‘yicha ish yuritishda ularning jamoatchilik himoyachilari sifatida qonunda belgilangan tartibda ishtirok etadi.
Davra suhbatida milliy media sohasining vakillari qarorning mazmun-mohiyati xususida batafsil ma’lumotlar berdilar. Mazkur qaror ijrosi va bugungi kunda media sohaga oid dolzarb savollarga tadbir tashkilotchilari tomonidan batafsil javob qaytarildi.
N.Usmonova, O‘zA