Milliy madaniy markazlar faoliyati e’tiborda
Jizzax viloyatida ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikni saqlash, dinlararo va millatlararo munosabatlarni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida viloyat hokimligi, Jizzaxda faoliyat yuritayotgan 6 ta milliy madaniy markaz rahbarlari, markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalarining vakillari hamda ijtimoiy tarmoq faollari ishtirok etdi.
Tadbirni viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari – viloyat hokimining matbuot kotibi Akmal Binoqulov olib bordi.
Viloyat hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Nurali Raimovning shu mavzudagi axborotini katta qiziqish bilan tingladi.

Ayni paytda Jizzax viloyatida 6 ta (qirg‘iz, tojik, qozoq, rus, tatar va koreys) milliy madaniy markazlari viloyat adliya boshqarmasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, ushbu markazlar Jizzax shahrining Islom Karimov shoh ko‘chasida joylashgan “Do‘stlik uyi”da barcha qulay shart-sharoitlarga ega xonalarda faoliyat ko‘rsatmoqda.

– Viloyatda milliy madaniy markazlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida ushbu markazlar hisob raqamlariga 40 million so‘mdan ziyod mablag‘ o‘tkazib berildi, – deydi Nurali Raimov. – Shuningdek, moddiy-texnika vositalari va oylik ish haqi bilan ta’minlandi hamda “Do‘stlik uyi”da faoliyat yuritayotgan markaz vakillari uchun viloyat hokimi “Damas” rusumli avtomoshina ajratdi.

– Keyingi 5-6 yil davomida millatlararo munosabatlar va din sohasida 50 dan ortiq qonunchilik hujjati va Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan 40 ga yaqin qaror qabul qilindi, – deydi viloyatda faoliyat olib borayotgan tojik milliy madaniy markazi rahbari Abdukarim Sharipov. – Bu huquqiy hujjatlarning aksariyati fuqarolarning dini va millatidan qat’i nazar, huquq va erkinliklarini kengaytirish, shu jumladan, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish imkoniyatini oshirishga qaratilganligini ham ta’kidlab o‘tish lozim. Hukumat tomonidan qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik faqatgina millatlar o‘rtasidagi munosabatni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Matbuot anjumani yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari