Milliy liboslar jilosi namoyish etildi
Sirdaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan “Milliy liboslar festivali” milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, ularni keng targ‘ib qilish va kelgusi avlodga yetkazishga qaratilgan muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati Musiqali drama teatrida tashkil etilgan festivalda Boyovut, Guliston, Mirzaobod, Oqoltin, Sardoba, Sayxunobod, Sirdaryo va Xovos tumanlari, shuningdek, Guliston, Yangiyer va Shirin shaharlari Oila va xotin-qizlar bo‘limlari jamoalari faol ishtirok etdi. Ular o‘z hududlariga xos milliy liboslar, urf-odatlar, hunarmandchilik namunalari va pazandalik an’analarini o‘ziga xos tarzda namoyish etdilar.
Festival nafaqat ko‘rik-tanlov, balki milliy merosning turli qirralarini bir maydonda namoyon etgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir sifatida o‘tdi. Milliy liboslar namoyishi, milliy taomlar ko‘rgazmasi, hunarmandchilik buyumlari va san’at namunalari o‘zaro uyg‘unlashib, tadbirga o‘ziga xos fayz va ko‘rk bag‘ishladi.
Tadbirda “Oqila ayollar” guruhi rahbari Mamlakat Begmanova milliy liboslarning xalqimiz hayotidagi o‘rniga to‘xtalib, ularda millatning ko‘p asrlik tarixi, didi, madaniyati va estetik qarashlari mujassam ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, milliy liboslarni asrab-avaylash, keng targ‘ib qilish va zamonaviy yondashuvlar bilan boyitish, ayniqsa, yosh avlodga milliy merosning mazmun-mohiyatini yetkazish muhim vazifalardan biridir.
Festival davomida atlas va adras matolaridan tayyorlangan nafis liboslar, milliy naqshlar bilan bezatilgan kiyimlar, do‘ppilar va zamonaviy dizaynerlik yechimlari namoyish etildi. An’anaviy va zamonaviy liboslarning uyg‘unligi milliy libos san’ati bugun ham o‘z jozibasini yo‘qotmaganini ko‘rsatdi. Har bir hudud vakillari liboslar orqali o‘zlariga xos milliy qiyofa va an’analarni ifoda etdilar.
Milliy taomlar ko‘rik-tanlovi ham festivalning mazmunan boy va qiziqarli qismlaridan biri bo‘ldi. Mohir pazanda ayollar tomonidan tayyorlangan taomlarda xalqimizning asrlar davomida shakllangan pazandalik an’analari, mehmondo‘stligi, saxovatpeshaligi va oilaviy qadriyatlari namoyon bo‘ldi. Taomlarni tayyorlash, dasturxonga tortish va bezatish jarayoniga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirning musiqiy qismi ham ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Shirin shahridan tashrif buyurgan “Afsona” kichkintoylar guruhining samimiy chiqishlari, sho‘x raqslari va beg‘ubor ijrosi tomoshabinlarda iliq taassurot qoldirdi. Taniqli san’atkorlarning jo‘shqin kuy-qo‘shiqlari esa festival muhitini yanada jonlantirdi.
Sahna bezagida ham milliy ruhga alohida e’tibor qaratildi. Milliy naqshlar, atlas va adras matolari, gullar, hunarmandchilik buyumlari hamda dekorativ elementlar uyg‘unligi tadbirga bayramona tus berdi. Katta ekranda Sirdaryo viloyatining tarixi, madaniy merosi, milliy hunarmandchilik namunalari va milliy liboslar aks etgan videolavhalar namoyish qilindi.
Festival davomida milliy qadriyatlarni zamonaviy hayot bilan uyg‘unlashtirish, ularni yosh avlodga zamonaviy yondashuvlar asosida yetkazish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Zero, milliy libos, milliy taom, musiqa, hunarmandchilik va urf-odatlar xalqning o‘tmishi haqida ma’lumot beruvchi oddiy vositalar emas, balki uning milliy o‘zligi va ma’naviy dunyoqarashini asrab-avaylashga xizmat qiladigan muhim qadriyatlardir.
Sirdaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan mazkur tadbirda xotin-qizlarning ijodiy salohiyati, tashabbuskorligi va milliy merosga bo‘lgan munosabati ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Har bir hudud o‘z imkoniyat va an’analaridan kelib chiqqan holda ishtirok etib, viloyatning rang-barang madaniy qiyofasini namoyon etdi.
Tadbir yakunida festival va ko‘rik-tanlovlarda faol ishtirok etganlarning mehnati munosib e’tirof etildi. G‘olib va faol ishtirokchilar diplom, tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
[gallery-30949]
Festival natijalariga ko‘ra, milliy taomlar yo‘nalishida 1-o‘rinni Yangiyer shahar Oila va xotin-qizlar bo‘limi jamoasi egalladi. Milliy liboslar yo‘nalishida esa Sirdaryo viloyati nomidan ishtirok etgan Dilshoda Mamatqulova 1-o‘rinni, Sardoba tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi vakili Maqsuda Mo‘minova 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Mazkur festival milliy qadriyatlar o‘tmishdan qolgan oddiy meros emas, balki bugungi hayotimizda ham o‘z ahamiyatini saqlab kelayotgan, yosh avlod ma’naviyatini boyitishga xizmat qiladigan tirik va barhayot qadriyat ekanini yana bir bor namoyon etdi. Milliy libosdagi nafosat, dasturxondagi baraka, milliy san’atdagi joziba va xotin-qizlarning tashabbuskorligi bir sahnada uyg‘unlashib, xalqimizning boy ma’naviy merosi naqadar rang-barang va serqirra ekanini ko‘rsatdi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA