Milliy intellektual mulk ob’ektlari xalqaro darajada himoya qilinadi
Senat yalpi majlisida “Kelib chiqish joy nomlari kelib chiqishi va geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risidagi Lissabon bitimining Jeneva aktiga (Jeneva, 2015-yil 20-may) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur masala bo‘yicha ma’ruza qilgan Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher A’zamxo‘jayev mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasida intellektual mulk ob’ektlarini, xususan geografik ko‘rsatkichlar va tovar kelib chiqqan joy nomlarini xalqaro miqyosda huquqiy muhofaza qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi. Bu esa milliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish va ularni jahon bozoriga samarali olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qonun investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, hududiy brendlarni rivojlantirish, mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirish hamda mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlashga ko‘maklashadi.

Senatorlar ma’qullagan qonun milliy intellektual mulk ob’ektlarini xalqaro darajada himoya qilish mexanizmlarini takomillashtiradi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekistonning jahon iqtisodiy makonidagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA