Milliy gvardiya: Harbiy ayollar bellashdi (+video)
8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Milliy gvardiya bo‘linmalarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchi va xodima ayollar o‘rtasida "To‘maris malikalari" ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichlari o‘tkazilmoqda.
Mazkur tanlov harbiy xizmatchi va xodima ayollarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishini rag‘batlantirish, do‘stona aloqalarni mustahkamlash, Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qilayotganini ko‘rsatish maqsadida tashkil etildi.
Shu bilan birga, tanlov davomida jismonan chiniqqan va ma’nan yetuk nomzodlar tanlab olinib, Respublika bosqichida ishtiroki ta’minlanadi.
Milliy gvardiyaning Toshkent viloyatida joylashgan harbiy qismlaridan birida bo‘lib o‘tgan tanlov doirasida ishtirokchi harbiy xizmatchilar turli sinovlardan o‘tishdi.
Ular milliy libosda o‘zlarini tanishtirish, o‘qotar qurolidan aniq mo‘ljalga o‘q uzish, kamondan o‘q otish, qurolni noto‘liq qismlarga ajratish va tibbiy tayyorgarlik shartlari bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etdilar.
Shuningdek, “Mardlik va nazokat” musobaqasida harbiy xizmatchi ayollar 1 km masofaga yugurish, arqonda sakrash va mevalardan bezak va bahoriy salat tayyorlash shartlari bo‘yicha murosasiz bellashdilar.
Har bir ishtirokchi o‘zining shijoati, intellektual mahoratini namoyon qildi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlanib, eng yuqori natija qayd etgan nomzod Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/qoQRoK_tZNg" title="Milliy gvardiya: Harbiy ayollar bellashdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova, O‘zA muxbiri