Milliy adabiyotimiz fidoyisiga ehtirom ramzi
Milliy adabiyotimiz serqirraligi, ranginligi, turfa jozibaga ega ekani bilan ahamiyatlidir. Bu esa so‘z san’ati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ustoz adib va shoirlar ijodi bilan bevosita bog‘liqdir.
O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, shoir va dramaturg Ramz Bobojon tavalludining 100 yilligi munosabati bilan adib yashab, ijod qilgan uyga o‘rnatilgan Xotira barelefining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan poytaxtimizning Mirobod tumani Beshchinor ko‘chasidagi 34-uyda bo‘lib o‘tgan tadbirga yozuvchi va shoirlar, talaba-yoshlar, adabiyot muxlislari, Ramz Bobojonning yaqinlari va qadrdonlari taklif etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, filologiya fanlari doktori Suvon Meli, Ramz Bobojonning qizi Kamola Bobojonova va boshqalar mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan milliy adabiyotimizni ravnaq toptirish borasidagi ezgu tashabbuslar tobora keng quloch yozayotganini ta’kidladi. Ayni tashabbus yurtimizda ustoz shoir va yozuvchilar merosini muammal o‘rganishda, adabiyotimizning bor go‘zalligi, yaqin tarixi, uning fidoyilari ijodini kengroq tadqiq etish, ommalashtirishda, ma’naviy hayotimizda milliy adabiyotimizning, kitoblarning o‘rni va ahamiyatini tobora kuchaytirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston xalq shoiri, taniqli dramaturg va tarjimon Ramz Bobojon 1921 yil Toshkent shahrida xizmatchi oilasida tavallud topgan. Dastlab Ta’lim va tarbiya bilim yurtida, so‘ngra Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi Nizomiy nomidagi Pedagogika universiteti)ning til va adabiyot fakultetida tahsil oldi. Mehnat faoliyatini yoshlar gazetasida boshlagan ijodkor keyinchalik Radioeshittirishlar qo‘mitasida muharrir, Adabiyot va san’at nashriyotida direktor bo‘lib ishladi. Ko‘p yillar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, “Vatan” jamiyati rahbari lavozimida xizmat qildi.
Adabiyotshunoslar fikricha, Ramz Bobojon sermazmun, barakali ijod yo‘lini bosib o‘tdi. Shoirning ilk to‘plami 1939 yili nashr etilgan. Qariyb yarim asrlik ijodiy faoliyati davomida Ramz Bobojonning o‘ttizga yaqin she’riy kitoblari, jumladan, “Hadya”, “Oltin kamalak”, “Vodiy bo‘ylab”, “Sevgi sirlari”, “Senga, sevgilim”, “Birinchi parvoz”, “Muhabbatga ta’zim”, “Sening mehring” singari majmualari, “Saylanma asarlari” adabiyot muxlislariga taqdim etildi.
Zamonaviy o‘zbek dostonchiligida Ramz Bobojon qalamiga mansub “Obi hayot” asarining alohida o‘rni bor. Bu dostonda atoqli shoir xalqimizning bunyodkorlik salohiyatini, do‘stlik tuyg‘usini ulug‘lagan. Uning she’r va dostonlari bir qator xorijiy tillarga tarjima qilinib, chop etilgan.
[gallery-4271]
Ramz Bobojon dramaturg sifatida ham faol ijod qildi. Uning “Tog‘a va jiyanlar” komediyasi, “Yusuf va Zulayho” dramasi tomoshabinlarning qizg‘in e’tirofiga sazovor bo‘lib, teatr san’atimiz tarixida o‘ziga xos o‘rin tutadi.
U jahon adabiyotining mumtoz namunalarini, jumladan, Pushkin, Lermontov, Nekrasov, Tvardovskiy, Tixonov singari rus shoirlarining she’r va dostonlarini, Ibsen, Mixalkov, Hazriy dramalarini ona tilimizga mahorat bilan tarjima qildi.
Ramz Bobojon mustaqillik yillarida hozirjavob publitsist sifatida o‘zining badia va maqolalari bilan istiqlolimizni tarannum etishga munosib hissa qo‘shdi.
Ramz Bobojonning o‘zbek adabiyotini rivojlantirishdagi katta xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. U “O‘zbekiston xalq shoiri” faxriy unvoni va “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
Ramz Bobojon xonadonida o‘rnatilgan Xotira barelefi O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, mohir haykaltarosh Jonibek Hotamov tomonidan yaratilgan.
Nazokat Usmonova, O‘zA