Millatlararo totuvlikning muhim kafolati
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikassi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 28 yilligiga bag‘ishlangan “Konstitutsiya – millatlararo totuvlik kafolati” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Oliy Majlis qonunchilik palatasi, Respublika Ma’navit va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson xuquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda milliy madaniy markazlar hamda do‘stlik jamiyatlari faollari ishtirok etdilar.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov Bosh qomusimizning bugungi O‘zbekiston davlatchiligining rivojlanishidagi o‘rni va ahamiyati xususida so‘zladi. Dunyoda turli qonunlar ko‘p, lekin, jamiyat hayotida doimo muhim o‘rin tutadigan shunday ustivor hujjatlar borki, u xalqning, kelajak avlodning taqdirini belgilab beruvchi poydevor bo‘ladi. Davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadi. Konstitutsiya – mana shunday buyuk qomusdir.

Mustaqillik yurtimizda istiqomat qilib kelayotgan barcha xalqlar vakillari, millat va elatlar uchun, avvalo, o‘zligini anglash, insoniy qadr-qimmat, urf-odat va qadriyatlarini tiklash, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash kabi beqiyos imkoniyatlarni ochib berdi.
Bular Konstitutsiyamizda mustahkamlangan fuqarolarning irqi, millati, tili, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy ahvolidan qat’i nazar, barchaning qonun oldida tengligi prinsiplari hamda turli millatlar va elatlar vakillarining tili, urf-odatlari va an’analarini hurmat qilish, ularni rivojlantirish uchun zarur sharoitlarni yaratishga asoslanadi.
Bugun O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila bo‘lib yashamoqda. Ular barcha soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilib, jamiyat rivojiga katta hissa qo‘shmoqda. Mustaqillik yillarida milliy madaniy markazlarning 130 dan ortiq faoli davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldi, orden va medallar bilan taqdirlandi.
– Davlatga, xalqiga bo‘lgan muhabbat shu Konstitutsiyaga bo‘lgan munosabatdan kelib chiqadi, – dedi Respublika ozarbayjon milliy madaniyat markazi rahbari Firdousi Guseynov. – bugungi kunda viloyatlarimizda ham filiallarimiz faoliyat olib bormoqda. Konstitutsiyamizda barcha millat va elatlarga teng huquqlar berilgan va buni hammamiz yurakdan his etamiz. Bu bayramni har yili ozarbayjon millatiga mansub mamlakatimiz fuqarolari ko‘tarinki kayfiyat bilan nishonlashadi.
Anjumanda ukrain, qozoq, koreys milliy madaniy markazlari raislari va boshqalar jamiyatimizda millatlararo hamjihatlik va barqarorlikni mustahkamlashda O‘zbekiston Konstitutsiyasida belgilangan tamoyillarning ahamiyati va uning turli millat vakillari hayotidagi o‘rni xususida so‘zladilar.

Tadbir yakunida o‘zbek, koreys, uyg‘ur, qozoq tillarida qo‘shiqlar ijro etildi, she’rlar o‘qildi.