«Millat Shavkati» — islohotlar va milliy tafakkur uyg‘unligi
Sirdaryo viloyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasida o‘tkazilgan kasbiy-ma’rifat soatida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqov qalamiga mansub «Millat Shavkati» kitobining mazmun-mohiyati va unda ilgari surilgan g‘oyalar misollar asosida ochib berildi.
Tadbirda O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi o‘rinbosari Erkin Bayniyozov boshchiligida soha xodimlari va mutaxassislari ishtirok etishdi. Unda kitobda mamlakatimiz hayotidagi so‘nggi yillardagi tub o‘zgarishlar, keng ko‘lamli islohotlar, milliy o‘zlik va tarixiy xotira bilan bog‘liq masalalar xususida atroflicha fikr yuritildi.
«Millat Shavkati» — so‘nggi yillarda yozilgan 12 ta publitsistik maqolani jamlagan asar. Unda mamlakat taraqqiyotidagi yangilanishlar voqealarni shunchaki sanab o‘tish orqali emas, balki ularning zamiridagi ijtimoiy, siyosiy va ma’naviy jarayonlar nuqtai nazaridan yoritiladi. Shu jihatdan kitob bugungi islohotlarni anglash va ularga daxldorlik hissini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Kasbiy-ma’rifat soatida Erkin Bayniyozov kitobda ilgari surilgan milliy o‘zlikni anglash, tarixiy xotirani e’zozlash va Vatanga sadoqat g‘oyalarining bugungi kun uchun ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, mamlakatimizda so‘nggi o‘n yillikda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, turli sohalardagi yangilanishlar va bunyodkorlik ishlari haqida fikr almashildi.
[gallery-31364]
— Odatda kitob mutolaa qilganda voqealarni shunchaki xayolan tasavvur etamiz. «Millat Shavkati» kitobini varaqlar ekanmiz, undagi har bir satrni bugungi saodatli kunlarimiz bilan qiyoslaymiz. Tariximizning alamli saboqlari bilan birga, bugun oldinga tashlanayotgan dadil qadamlar va ularning amaliy natijalari ham aks etgan, — deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Sirdaryo viloyat kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Dilnavoz Saidova.
Darhaqiqat, kitobning ahamiyati faqat islohotlar haqida ma’lumot berishda emas. U kitobxonni kechagi kun saboqlari, bugungi o‘zgarishlar va ertangi maqsadlar haqida mushohada yuritishga undaydi. Milliy g‘urur, Vatanga sadoqat, tarixiy xotira va jamiyat taqdiriga daxldorlik tuyg‘ulari asarning muhim g‘oyaviy yo‘nalishlarini tashkil etadi.
Tadbir yakunida «Millat Shavkati» kitobini mehnat jamoalari va yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish, uning mazmun-mohiyati orqali yurtimizda kechayotgan yangilanishlarni teranroq anglash muhim ekani ta’kidlandi.
Muhimi, islohotlar samarasi faqat yangi bunyodkorliklar yoki erishilgan ko‘rsatkichlarda emas, balki insonlarning hayoti, dunyoqarashi va kelajakka ishonchida namoyon bo‘ladi. Bugungi yangilanishlarni anglash esa ertangi taraqqiyotga daxldorlik hissini kuchaytiradi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA