Millat ma’naviyatining porloq quyoshi
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan “Millat ma’naviyatining porloq quyoshi” mavzusida videokonferensaloqa tarzida tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Muhammadali Abduqunduzov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Bekzod Muhammadkarimov hamda mahoratli aktrisa Dilnoza Kubayevaning ishtiroki tadbirga o‘ziga xos fayz bag‘ishladi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar shoir g‘azallaridan parchalar o‘qib, Navoiy shaxsi, bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutishi haqida gapirishdi.

Darhaqiqat, bugungi globallashuv davrida Navoiy merosiga qayta-qayta murojaat qilish, uning asarlarida o‘z ifodasini topgan, insonni kamolotga yetaklashga qaratilgan ezgu g‘oyalarni yoshlar ongiga singdirish tobora dolzarb ahamiyatga ega. Mutafakkirning ibratli hayoti hamda serqirra ijodi barcha zamon va makonlar uchun birdek hikmat hamda ma’rifat manbai bo‘layotir.
Ijodkorning birgina “Xamsa” asari nafaqat XV asr madaniy hayotining, balki butun bir millatning ma’naviy qomusi hisoblanadi. Mazkur asardagi “Saddi Iskandariy” dostonida yetuk bir jamiyat, obod Vatan orzusi bayon qilingan. Shunday ekan, hozirgi globallashuv davrida Alisher Navoiyning insoniy barkamollik, odob-axloq, beg‘ubor va pokiza tuyg‘ular ulug‘langan asarlari har qachongidan ham dolzarblik kasb etmoqda. Shu bois, ulug‘ shoirning ijod namunalari dunyo xalqlarining ko‘plab tillariga tarjima qilinib, olimlar, keng jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda.

Bugun barchamiz Alisher Navoiy orzu qilgan, tarannum etgan osuda hayot, farovon turmush, yuksak taraqqiyotdan bahramandmiz. Yosh avlod ul zotning asarlaridagi qahramonlar kabi ezgulik sari bel bog‘lab, yurt ravnaqiga hissa qo‘shmoqda.
Tadbir so‘nggida taniqli san’atkorlar tomonidan “Alisher Navoiy” spektaklidan Navoiy va Guli timsoli sahnada gavdalantirildi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA