Millat fidoyilari xotirasi yod etildi (+video)
“G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xotirasiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida “Millat fidoyilari” monumenti poyiga gulchambar qo‘yilib, Vatan sarhadlari va xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida jonini fido qilgan o‘g‘lonlar xotirasi bir daqiqalik sukut bilan yod etildi.
Tadbirda qahramonlarning ota-onalari va yaqinlari ham ishtirok etdi. Ularning qalbidagi sog‘inch va ko‘zlaridagi yosh Vatan uchun jonini fido qilgan farzandlar xotirasi naqadar muqaddas ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Tadbir “Ajdodlar izidan” harbiy-tarixiy jamiyati bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Konferensiyada mustaqillik yillarida halok bo‘lgan qahramonlarning hayoti va jasorati yodga olinib, ularning xotirasini abadiylashtirish hamda yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Konferensiyadan so‘ng, Mudofaa vazirligi tomonidan Vatan tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular bilan ochiq muloqot o‘tkazildi, muammoli masalalarni ijobiy hal etish choralari ko‘rildi.
Muhayyo Turdaliyeva, Doniyor Yakubov, Salimjon Obidjonov, O‘zA