MIB: qidiruvdagi transport vositalari topildi
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi qidiruv sho‘’basi inspektorlari tomonidan olib borilgan navbatdagi tezkor tadbirlar davomida qarzdorlarga tegishli 24 qidiruvdagi yuk transport vositalari topildi.
Namangan tumanlararo iqtisodiy sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor “Yangi kelajak mangu trans” jamiyatidan undiruvchi “Evrostar premium” korxonasi foydasiga 73 849 745 so‘m qarz undirish ko‘rsatib o‘tilgan.
Ushbu ijro hujjati Byuroning Davlatobod tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro harakatlari olib borilgan. Davlat ijrochisi tomonidan qarzdorlikni ixtiyoriy muddatda to‘lab qo‘yishi ogohlantirilgan. Biroq jamiyat rahbarlari ma’suliyatni unutib, qarzdorlikni vaqtida bartaraf etmaydi.
Ish garovdagi “Howo” rusumli yuk transporti vositasiga qaratiladi va qidiruv e’lon qilinadi. Olib borilgan tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, kuni kecha transport vositasi Uchqo‘rg‘on tumanidan topilib, tegishli tartibda jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Yana bir qarzdorning avtomotransport vositasini qidirish to‘g‘risidagi qaror ijrosini ta’minlash borasida olib borilgan harakatlar ham natija berdi. Ma’lum bo‘lishicha, boshqarma ish yurituvida bo‘lgan, Namangan tumanlararo iqtisodiy sudining 2022 yil 11 apreldagi qaroriga muvofiq, qarzdor jamiyatdan “Namangan tola tekstil” jamiyati foydasiga 20 milliard so‘m qarz undirish belgilangan. Hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida qarzdorning nomida bo‘lgan 47 ta avtotransport vositasi aniqlanib, tezkor qidiruv jarayonlarida 23 tasi topilib, jarima maydonchasiga joylashtirildi. Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan bu boradagi qidiruv tadbirlari davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA