MIB faoliyati: qarzdorga jazo muqarrar
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi surishtiruv va ma’muriy amaliyot sho‘’basi tomonidan farzandlari moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlab, kelgan qarzdorga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Aniqlanishicha, Chust tumanida yashovchi fuqaro I.S. 2011 yildagi sud buyrug‘iga ko‘ra uch nafar voyaga yetmagan yosh bolasi uchun aliment to‘lashi belgilangan. MIB tuman bo‘limi ish yurituvidagi mazkur hujjat yuzasidan davlat ijrochisi tomonidan harakatlar olib borilgan. Biroq, ota majburiyatini unutib, qarzdorlikni to‘lamagan. Ma’muriy jazo qo‘llanilgunga qadar qarzdorlik 23,6 million so‘mga yetgan. Ma’muriy qamoqdan so‘ng esa 32,4 million so‘m, jami 56,1 million so‘mni tashkil etgan.
Natijada, unga nisbatan, jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan ish qo‘zg‘atildi. MIB viloyat boshqarmasi katta surishtiruvchisi Shavkat Qahhorovning qayd etishicha, shu yilning o‘tgan davrida farzandi moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlagan 954 qarzdorga nisbatan ma’muriy, undan so‘ng ham 2 oydan ortiq aliment to‘lamay kelgan 54 otaga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan.
***
Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangani viloyatining Chortoq tumani sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor J.M. dan davlat foydasiga 20 million 400 ming so‘m jinoiy jarima undirish belgilangan. Mazkur ijro varaqasi Byuroning tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan. Davlat ijrochisi tomonidan ish yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qarzdorga yuborilgan.
Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida, qarzdordan jarimani to‘lash uchun ixtiyoriy muddat berilgan. Biroq, ana shu muddat mobaynida qarzdorlik bartaraf etilmagan. Qolaversa, 2 oy davomida jarimani to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan. Shundan so‘ng, davlat ijrochisi tomonidan amalga oshirilgan majburiy ijro harakatlari jarayonida qarzdorning undiruvga qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulklarining yo‘qligi ma’lum bo‘lgan.
Shunga ko‘ra, jarimani majburiy undirishning imkon bo‘lmaganligi sababli, amaldagi tartibga ko‘ra, davlat ijrochisi jarima tariqasidagi jinoiy jazoni, jazoning boshqa turi bilan almashtirish to‘g‘risida sudga taqdimnoma kiritgan. Sud ajrimiga asosan jarima jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.