Mexanizatorlar paxta terimiga tayyorlanmoqda
Toshkent viloyatida 2026-yilgi paxta terimi mavsumida ishtirok etadigan mexanizator va operatorlarning kasbiy mahoratini oshirish, zamonaviy paxta terish mashinalaridan samarali va xavfsiz foydalanish ko‘nikmalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, Oqqo‘rg‘on tumanidagi Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumida paxta terish mashinalari mexanizator va operatorlari uchun maxsus o‘quv-seminar tashkil etildi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Xurshid Qoraboyev, viloyat Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ravshan Norboyev, tuman hokimliklarining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha mas’ullari, soha mutaxassislari, mexanizator va operatorlar ishtirok etdi.

Jarayonda zamonaviy paxta terish mashinalarini boshqaruvchi mutaxassislarni tayyorlash, ularning nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, texnikalardan unumli hamda xavfsiz foydalanish masalalari muhokama qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Toshkent viloyatida 80 ta “BASHIRAN”, 25 ta “FMWORD” va 25 ta “CASE” rusumli paxta terish mashinasi mavjud. Mazkur texnikalardan samarali foydalanish ko‘p jihatdan ularni boshqaradigan mutaxassislarning malakasi va tayyorgarligiga bog‘liq.

Shu bois o‘quv mashg‘ulotlarida paxta terish mashinalarini boshqarish, ularga texnik xizmat ko‘rsatish, mehnat xavfsizligi talablariga rioya etish, shuningdek, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar berilmoqda.
Besh kunga mo‘ljallangan maxsus o‘quv kursiga Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti mutaxassislari ham jalb etilgan. Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob berilib, paxta terimi jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli holatlar bo‘yicha amaliy tavsiyalar aytilmoqda.
O‘quv kursi yakunida belgilangan talablarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshiriladi.

Mutaxassislarning mavsumga puxta tayyorgarligi paxta terimini belgilangan muddatlarda, sifatli va uyushqoqlik bilan o‘tkazish, qishloq xo‘jaligi texnikalaridan samarali foydalanish hamda yetishtirilgan hosilni nobud qilmasdan yig‘ib-terib olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
A.Musayev,O‘zA.