Meva-sabzavot eksporti muttasil oshmoqda
Prezidentimiz Islom Karimovning joriy yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida sohani yanada rivojlantirish istiqbollari aniq belgilab berildi.
Prezidentimiz Islom Karimovning joriy yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida sohani yanada rivojlantirish istiqbollari aniq belgilab berildi.O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Botirjon Sulaymonov O‘zA muxbiriga mazkur qarorning mamlakatimizda meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlari yetishtirishni yanada rivojlantirish va bu mahsulotlar eksportini oshirishdagi ahamiyati haqida quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Prezidentimiz qarorida belgilangan chora-tadbirlar sohada amalga oshirilayotgan ishlarning mantiqiy davomi, yangi bosqichidir. Davlatimiz rahbari rahnamoligida qishloq xo‘jaligida chuqur tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirildi: zamonaviy mulkchilik shakli joriy etildi, ekin maydonlari optimallashtirildi, hosildorlik oshirildi, meva-sabzavotlarni saqlash va qayta ishlash yo‘lga qo‘yildi. Bir so‘z bilan aytganda, bugungi bosqich uchun poydevor yaratildi.
Buning samarasida qishloq xo‘jaligi ekinlaridan har yili mo‘l hosil olinmoqda. O‘tgan yili 12 million 592 ming tonna sabzavot va kartoshka, 2 million 731 ming tonna meva, 1 million 850 ming tonna poliz mahsulotlari, 1 million 556 ming tonna uzum yetishtirildi.
So‘nggi yillarda qariyb 100 ming gektarda mevali bog‘ va tokzorlar barpo etildi. Keyingi uch yilda 22 ming gektardan ziyod maydonda ilmiy asoslangan intensiv bog‘ tashkil qilindi. Seleksionerlarimiz yaratgan iqlim sharoitimizga mos, qurg‘oqchilikka, kasallik va zararkunandalarga chidamli sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkaning 170 dan ortiq navi, meva va rezavor ekinlar va uzumning 175 navi parvarishlanmoqda. Bunda paxta maydonlari qisqarib, meva-sabzavot, poliz va uzum yetishtirishga ixtisoslashgan maydonlarning kengayishi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Etishtirilgan mahsulotni sifatli saqlash va bozorlarimizga uzluksiz yetkazib berishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2015-yilda 77 ming 800 tonna sig‘imga ega bo‘lgan 114 yangi sovutish kamerasi tashkil etildi va modernizatsiya qilindi. Bu 830 ming tonnadan ziyod meva-sabzavotni saqlash, bozorlarimizda narxning bir me’yorda bo‘lishida muhim o‘rin tutdi.
Bozorlarimizdan qishin-yozin meva-sabzavot uzilmaydi. 2015-yilda mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishgani uchun BMT tomonidan mukofotlangan 14 davlatdan biri bo‘lgani ham bejiz emas.
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi shu darajada rivojlandiki, bugungi kunda xalqimizning oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyojini to‘la ta’minlab, ularni eksport qilish salohiyati yanada kengaydi.
Eksportning o‘ziga xos tartiblari bor. Mahsulot vaqtida yig‘ib olinishi, yaxshi saqlanishi, qadoqlanishi va xaridorga sifatli yetkazilishi kerak. Buning uchun zamonaviy infratuzilma, yaxlit kompleks zarur.
Davlatimiz rahbarining shu yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu mahsulotlarni yetishtirish, ishlab chiqarish va xarid qilish bo‘yicha yagona tizimni shakllantirishga qaratilgan.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bo‘yicha dunyo bozorida yetakchi mavqega ega. Xususan, o‘rik, olxo‘ri, uzum, yong‘oq, karam va boshqa ko‘plab meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha dunyodagi yetakchi o‘n davlat qatorida turadi. Xalqimiz ehtiyojidan ortiqcha 180 turdan ziyod meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlar AQSh, Yaponiya, Tailand, Indoneziya, Mo‘g‘uliston, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Slovakiya singari 80 dan ortiq mamlakatga eksport qilinmoqda.
Prezidentimiz qarori eksport hajmini yanada oshirish va ko‘lamini kengaytirishga xizmat qiladi. Unga ko‘ra, joriy yildan boshlab meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish bo‘yicha davlat buyurtmasi amalga oshiriladi.
Hozirgi kunda ekin maydonlari optimallashtirilib, hosildorlikni oshirishga e’tibor qaratilmoqda. Yangi bog‘ va tokzorlar barpo etilib, ularga seleksioner olimlarimiz yaratgan har bir hududning iqlimiga mos, qurg‘oqchilikka, kasallik va zararkunandalarga chidamli navlar ekilmoqda. Bunday ishlar natijasida 2020-yilga borib kartoshka yetishtirish 35 foizga, sabzavot 30, meva va uzum 21,5 foizga oshishi kutilmoqda.
Qarorda ho‘l meva va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini komissiya shartnomalari asosida eksport qilishda komissiya xizmati uchun to‘lov miqdori 1 foizdan oshmasligi belgilangan. Dunyo amaliyotida bu shartnoma qiymatining 10 foizigacha yetishi kuzatiladi. Mamlakatimizda bu to‘lov 1 foiz qilib belgilangani dehqon, fermer xo‘jaliklari va agrofirmalarimiz uchun katta qulaylikdir.
Mahsulot yetishtiruvchilarning faoliyatini yanada tartibga olish, ularning xorijiy sheriklar oldida manfaatlarini himoya qilish maqsadida «O‘zagroeksport» ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi tashkil etildi. Ushbu kompaniya ikki turdagi shartnomani imzolaydi. Birinchisi to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport shartnomasi bo‘lib, bunda kompaniya eksportni o‘z nomi va mablag‘lari hisobidan amalga oshiradi. Ikkinchisi fermer va dehqon xo‘jaliklari, agrofirmalar, qayta ishlash korxonalari o‘rtasida tuziladigan komissiya shartnomalaridir. Ushbu jarayonda kompaniya uch tomonlama – “kompaniya – xorijiy sheriklar – dehqon va fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar” tarzida shartnoma imzolaydi.
Soddaroq qilib aytganda, kompaniya vositachi sifatida “komissioner”, mahsulot yetishtiruvchilar esa “komitent” maqomini oladi. Komissioner komitent manfaatlarini ko‘zlab, xorijiy sheriklar bilan eksport borasida o‘z nomidan shartnomalar imzolaydi. Bu holda komitent kompaniyaga sotilgan mahsulotning qiymatiga nisbatan komissiya xizmatiga haq to‘laydi.
Hozirga qadar fermer mahsulot yetishtirishda ko‘plab imkoniyatlardan foydalanar, biroq mahsulotiga xaridor topishda biroz qiynalib qolardi. Prezidentimiz qarori bilan mahsulotlarni sanoat usulida qayta ishlash uchun davlat buyurtmasi doirasida xarid qilish uchun “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi tashkil etilgani fermerlarga qator qulayliklar yaratadi. Kompaniya tizimidagi xususiy shakldagi qayta ishlash korxonalari fermer va dehqon xo‘jaliklari bilan tuzilgan kontraksiya shartnomalari asosida shartnoma qiymatining 40 foizidan kam bo‘lmagan miqdorida bo‘nak to‘laydi. Tomonlarning o‘zaro kelishuvi asosida bo‘nak – urug‘lik, mevali daraxtlar ko‘chati, mineral o‘g‘itlar, yonilg‘i-moylash materiallari, ehtiyot qismlar yoki pul ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.
Mahsulot yetishtiruvchilarning manfaatdorligini oshirish, ularga o‘zlari yetishtirgan mahsulotlarni sotishda ko‘maklashish maqsadida mamlakatimizda joriy yildan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining xalqaro yarmarkalari tashkil etiladi. Ularda keyingi yil uchun eksport shartnomalari tuziladi. Hamkorlarimiz meva-sabzavot, poliz mahsulotlari va uzum yetishtirish, sohani rivojlantirishda davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan tadbirlar bilan yaqindan tanishadi. Mulk egalari ilm-fan sohasidagi yangiliklar, ilg‘or xo‘jaliklar tajribalarini o‘rganish, xorijiy sheriklarning mahsulot sifatiga, tashqi ko‘rinishiga, qadoqlash texnologiyalariga, kimyoviy tarkibiga qo‘yadigan talablarini aniq-tiniq bilish imkoniga ega bo‘ladi.
Davlatimiz tomonidan berilayotgan bunday imkoniyatlar dehqon va fermerlar zimmasiga katta mas’uliyat ham yuklaydi. Ular mahsulotni eksportbop qilib yetishtirishi, buning uchun turli kasallik va zararkunandalarga qarshi o‘z vaqtida chora ko‘rishi zarur.
Ma’lumki, meva-sabzavotlarni sotib olayotgan mamlakat ularni maxsus tekshiruvdan o‘tkazadi. Noto‘g‘ri parvarish mahsulotning tashqi ko‘rinishida aks etmasa-da, laboratoriya tekshiruvida kimyoviy tarkibida ayon bo‘ladi. Shu bois eksportga chiqariladigan mahsulotlar kasallanmagan, ekologik toza bo‘lishi kerak. Vazirligimiz bu boradagi xalqaro talablar bo‘yicha targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Dehqon va fermerlarga zarur dori vositalari, agrotexnikalar yetkazib berilmoqda. Kasallik va zararkunandalar ta’sirining oldi olinib, hosildorlik oshishiga erishilmoqda.
Ekspertlarning qayd etishicha, yurtimizda yetishtirilgan meva-sabzavotlar tabiiy shakar, amino va organik kislotalar, salomatlik uchun eng muhim bo‘lgan mikroelementlar va oziq-ovqat ratsionida o‘rnini almashtirib bo‘lmaydigan turli biologik moddalarga boyligi bilan boshqa mintaqalarda yetishtirilgan ana shunday mahsulotlardan sezilarli darajada yuqori turadi. Prezidentimizning mazkur qarori fermer va dehqon xo‘jaliklari, tadbirkorlik subyektlariga yangi imkoniyatlar yaratishi bilan birga, jahon bozorida O‘zbekiston brendining shuhrati yanada oshishida muhim o‘rin tutadi. Ishonch bilan aytish mumkinki, mamlakatimiz yaqin yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va uni eksport qilishda dunyoning eng ilg‘or mamlakatlaridan biriga aylanadi.