Metroning qulayliklari va kamchiliklari
Yo‘lovchi mulohazalari
Mamlakatimiz yangilanish, rivojlanish sari yuz burib, barcha sohalarda tub o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Yaratilayotgan yangiliklar va qulayliklar inson turmush darajasining yaxshilanishiga xizmat qilishiga shubha yo‘q, albatta.
Aholiga yaratilayotgan qulayliklar orasida jamoat transporti xizmati yetakchi o‘rinlarda turadi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki bir manzildan ikkinchi manzilga yetib borish uchun transport xizmati asosiy o‘rin egallaydi. Bu borada esa davlatimiz tomonidan keng islohotlar olib borildi va bu davom etmoqda.
Jumladan, shaharlararo yo‘nalishlarga eng zamonaviy, barcha qulayliklarga ega avtobuslar keltirildi va bu aholini mamnun qilmoqda. Respublikaning barcha viloyatlariga boruvchi yo‘lovchi va sayyohlar uchun xizmat qilayotgan shinam, tashqi ko‘rinishi ham zamonaviy avtobuslar, poyezdlar kishilarga yaxshi kayfiyat bag‘ishlamoqda.
Birgina shahar ichida harakatlanayotgan avtobuslar ham tashqi, ham xizmat ko‘rsatish jihatidan biror bir xorijnikidan qolishmaydi. Ayniqsa, to‘lov tizimidagi islohotlar natijasida bekatlarda soatlab kutib turishlarga barham berildi. Bu ham inson uchun, uning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun yaratilayotgan sharoitlardan biridir.
Poytaxtning ko‘rkiga ko‘rk bo‘lib turgan metro xizmatini alohida ta’riflash lozim. 1977 yil Toshkent metrosida ilk harakatlar boshlangan edi. O‘tgan davr mobaynida dunyodagi eng chiroyli metrolardan biri sifatida e’tirof etilgan Toshkent metrosida yangi yo‘llar, yangi bekatlar ochildi.
Toshkent metrosi har kuni ertalab soat 5:00 da yo‘lovchilarga o‘z eshiklarini ochadi. Shahar aholisi metroni tezkor, toza, chiroyli va qulay transport vositasi sifatida biladi. Metro zamonaviy shahar transport vositalari orasida bugungi kunda tez sur’atlar bilan raqobatlasha oladigan yagona transport, deb bemalol aytsa bo‘ladi.
2020 yilning avgust oyida Toshkent yer usti metrosining birinchi bosqichi ishga tushirilgani shaharga o‘zgacha husn va yo‘lovchilarga qulaylik yaratdi. Bugun ikki yo‘nalishni bog‘lovchi Qo‘yliq – Sergeli yer usti metro yo‘lining to‘liq ishga tushishi bilan foydalanuvchilar soni 600 mingdan oshdi. Tilga olganimizdek, metro eng qulay transport vositasidir.
Har kuni tongdan yarim tunga qadar aholiga uzluksiz xizmat qilayotgan metroning ham ba’zida noqulayliklari bor, albatta. Yo‘lovchilar sonining ortib borishi tufayli ertalab va kechqurun tirbandliklar paydo bo‘lmoqda. Ishdan qaytish vaqtida ana shunday manzaraga ko‘p bor guvoh bo‘lganman. “Mustaqillik” bekatiga soat 18:15 lar chamasi tushdim. Sergeli yo‘nalishi bo‘yicha qatnaydigan vagonlarning birortasiga minishning iloji bo‘lmadi. Uch-to‘rtta poyezdlarni o‘tkazib yuborishga to‘g‘ri keldi. O‘ttiz daqiqa atrofida kutib qoldim.
Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘pincha metrodagi nosozliklar, tirbandliklar haqida axborotlar ko‘payib bormoqda.
Bir kuni metroning “Qipchoq” bekatidan vagonga chiqdim. Vagonlar ancha eskirgani sababli ikki yoki uch bekat yurgach, vagon shovqinidan xavotirga tushdim. Temir g‘ildiraklardan chiqayotgan shovqin, go‘yo vagon g‘ildiraklari hozir chiqib ketib bir falokat bo‘ladigandek tuyuldi. Atrofimda turgan yoshlar ham bir-biriga g‘ildiraklar chiqib ketmasa bo‘lgani, deb xavotirda kulib qo‘yishardi. Bundan tashqari, bekatlarni e’lon qilib borishdagi tushunarsiz talaffuzlar, karnaylarning shovqini ham bezovtalikni kuchaytirdi.
Yana bir kuni kechga tomon “Mustaqillik” bekatiga tushdim va poyezd kelishini kutdim. Shu payt ko‘rinishidan yevropaliklarga o‘xshash yigirmaga yaqin sayyoh paydo bo‘ldi. Ular Sergeli yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan vagonlar tomon yurishdi. Ularga bosh bo‘lib yurgan yigit ancha hushyor ekan, ularni eski vagonlarga chiqarmaslik uchun e’tiborini metroning bezaklariga qaratdi. Ozroq vaqt o‘tgach, po‘lat izlarda yangi vagonlar ko‘rindi. Yigit darhol mehmonlarni vagonlarga minishga chorladi.
Keyingi paytlarda metro poyezdlariga yo‘nalishiga yangi, zamon talablariga javob beradigan yorug‘, ozoda, qulay o‘rindiqlar, isitish va sovitish tizimlari mukammal bo‘lgan vagonlar kelib qo‘shildi. Bunga mingan har bir yo‘lovchida sokinlik va xotirjamlik bo‘lgani tufayli manzilga qadar mizg‘ib olish imkoni ham yo‘q emas. Bu holatni o‘zimda ham bir-ikki bor kuzatdim. Ba’zi paytlar quloqchin taqib olib bekatlar so‘nggiga yetib borganda ham uyqudan ko‘z ochmaydigan yoshlarni uyg‘otib qo‘ygan paytlarim ham bo‘lgan. Keksalarga joy bermasdan ko‘zingizga tik qarab ketuvchi yoshlar ham bo‘ladi. Bu endi umuman boshqa mavzu.
Ha, zamon tezlashdi. Insonlarda dunyoqarash o‘zgardi. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan ilgari surilgan “Va’da emas, natija, ertaga emas, bugun!” shiori ostida yashashga insonlar odatlanmoqda. Shunday ekan, har sohada eskilikdan tezroq voz kechib, yangilik sari odimlash vaqti keldi.
Asror Sulaymonov, O‘zA