Metrodagi elektron panduslarning to‘liq ishga tushirilishi uchun kim mas’ul?
So‘nggi yillarda Toshkent metropolitenidan foydalanuvchilar soni sezilarli darajada oshgan.
Bu esa nafaqat tashish xizmatlari sifatini, balki bekatlardagi infratuzilmaning barcha yo‘lovchilar uchun qulay va xavfsiz bo‘lishini ham taqozo etadi. Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar, harakatlanish imkoniyati cheklangan fuqarolar va keksalar uchun to‘siqsiz muhit yaratish muhim ahamiyatga ega. Shu sababli harakatlanish imkoniyati cheklangan shaxslar va keksa yoshdagi yo‘lovchilar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida metro bekatlariga zamonaviy elektron ko‘targich panduslari o‘rnatish ishlari allaqachon boshlab yuborilgan.
Xo‘sh, bugun bir nechta metro bekatlarining kirish-chiqish qismlarida o‘rnatilgan zamonaviy elektron ko‘targich panduslar to‘liq ishga tushirildimi?
“Toshkent metropoliteni” AJ matbuot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, loyiha Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida amalga oshirilmoqda. Qurilish-montaj ishlarini esa pudratchi tashkilot — “Texnopark” MCHJ bajarmoqda. Ayni paytda elektron ko‘targichlarni o‘rnatish, sozlash va sinovdan o‘tkazish jarayonlari davom etmoqda.
Metropoliten ma’muriyati qurilmalardagi kamchiliklarni bartaraf etish va ishlarni jadallashtirish yuzasidan mas’ul tashkilotlarga bir necha bor rasmiy murojaat yuborgan. Qayd etilishicha, panduslar hali metropoliten balansiga o‘tkazilmagan. Barcha qurilish-montaj ishlari yakunlanib, zarur sinovlar o‘tkazilgach, qurilmalarning texnik talablarga muvofiqligi tasdiqlanishi va belgilangan qabul qilish tartib-taomillaridan so‘ng metropoliten tasarrufiga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Qurilmalarni o‘rnatishning o‘zi ular to‘liq foydalanishga tayyor degani emas. Ularning xavfsizligi, texnik sozligi va belgilangan talablarga muvofiqligi ham tasdiqlanishi kerak. Shuningdek, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash va qurilmalardan to‘g‘ri foydalanish maqsadida har bir elektron pandus yoniga foydalanish tartibini tushuntiruvchi yo‘riqnomalar hamda axborot materiallari joylashtirilmoqda.
Metropoliten mutasaddilari yo‘lovchilar uchun qulay va xavfsiz sharoitlar yaratish, jumladan, harakatlanish imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun infratuzilma qulayligini oshirish ishlari davom ettirilishini ma’lum qilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA