“Meta” kompaniyasi yangi sun’iy intellekt modelini taqdim etishga tayyorlanmoqda
“Meta” kompaniyasi vakili “Reuters” agentligiga bergan bayonotida yangi dasturlash interfeysi (API) ayni paytda dastlabki hamkorlar bilan sinovdan o‘tkazilayotganini va uni shu oyning o‘zida ommaviy foydalanishga chiqarish rejalashtirilganini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, API bu ikkita turli dasturiy tizimning o‘zaro ma’lumot almashishi va hamkorlikda ishlashini ta’minlovchi maxsus interfeysdir.
Joriy yilning aprel oyida “Meta AI” rahbari Aleksandr Vang “X” (sobiq Twitter) tarmog‘idagi sahifasida “Muse Spark API” tez orada taqdim etiladi, deya e’lon qilgan edi. “Muse Spark” modeli ilk bor bahorda namoyish etilgan bo‘lib, u kompaniyaning “Superintelligence Labs” laboratoriyasi tomonidan yaratilgan yangi avlod modellarining birinchisi hisoblanadi. Ushbu loyiha “Meta”ning bozordagi asosiy raqobatchilari bilan o‘rtadagi texnologik farqni yo‘qotish maqsadida ishlab chiqilgan.
Bundan tashqari, “Meta” kompaniyasi biznes jarayonlarini va kundalik vazifalarni bajarishni osonlashtirishga mo‘ljallangan yangi sun’iy intellekt agentini ham ommaga ko‘rsatdi. Bu qadam kompaniyaning “OpenAI”, “Anthropic” hamda “Alphabet” (Google) kabi yirik raqobatchilar bilan jiddiy kurash olib borish niyatida ekanidan dalolat beradi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA