Merkel: Tramp boshqalar e’tiborini yaxshi ko‘radi
“Ozodlik” nomli esdalik kitobining yunoncha tarjimasi targ‘iboti tadbirida so‘z olgan Germaniya sobiq rahbari Angela Merkel 2017 yil mart oyida yassi kabinetda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Donald Tramp uning qo‘lini siqishdan bosh tortgani, lekin kameralar yo‘q payt qo‘l berib ko‘rishganini esladi.
– Men Donald bilan qo‘l berib ko‘rishishim kerak, deb o‘ylab, xatoga yo‘l qo‘ydim, u bunday qilmadi, – dedi Merkel. – O‘ziga hammaning e’tiborini qaratmoqchi bo‘ldi. U shuni xohlaydi: g‘alati qiliqlar qiladi va hamma qaraydi. Buning isbotini Tramp tarif siyosati bo‘yicha chiqarayotgan qarorlarida ham ko‘rish mumkin.
Merkel qo‘shimcha qilishicha, yevropaliklar birdam bo‘lishi va Tramp blokka qo‘shimcha tarif joriy qilsa, qo‘rqmasdan, aksincha javob tarifi qo‘llashi kerak.
– Men AQSH bilan munosabatni uzish kerak, demayapman, – ta’kidladi sobiq kansler. – Faqat muzokara olib borishimiz kerakligini eslatyapman, xolos. Hatto, AQSH ham yolg‘iz omon qololmaydi.
Merkel xotira kitobida Tramp haqida yana shunday yozgan:
– U siyosatga tadbirkor nuqtai nazaridan baho berdi. Har qanday mulkka faqat bir marta egalik qilish mumkin. Agar u olmasa, boshqa birov oladi. U dunyo bilan ham shunday hisoblashadi. Tramp uchun hamma mamlakatlar bir-biri bilan doim raqobatda. Bu jarayonda birining muvaffaqiyati ikkinchisining muvaffaqiyatsizligi. Binobarin, hamkorlik orqali hammaning farovonligini oshirish mumkinligiga ishonmaydi u.
Musulmon Ziyo, O‘zA