Meningokokk — yashirin boshlanib, tez xatarga aylanadi
Meningokokk infeksiyasi oddiy shamollashga o‘xshash alomatlar bilan boshlanishi mumkin, ammo qisqa vaqt ichida og‘ir va hayot uchun xavfli holatga olib kelishi ehtimoli yuqori bo‘lgan yuqumli kasalliklardan biri hisoblanadi. Aynan shu jihat uni erta aniqlash va oldini olish choralarini kuchaytirishni dolzarb vazifaga aylantirmoqda.
Guliston tibbiyot klasterida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Sirdaryo viloyati boshqarmasi hamda viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasi hamkorligida tashkil etilgan seminarda meningokokk infeksiyasining kelib chiqish sabablari, xavf omillari, klinik kechishi hamda profilaktika choralari atroflicha muhokama qilindi. Unda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Jamshid Sultonov, viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Sherzod Boyto‘rayev, mazkur shifoxona mutaxassislari, turli tibbiyot muassasalari xodimlari ham faol ishtirok etishdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, meningokokk infeksiyasi inson organizmida juda tez — ayrim hollarda g‘oyat qisqa fursatlarda faoliyatga kirishishi mumkin.Shu bois uning dastlabki alomatlarini o‘z vaqtida anglash hayotni saqlab qolishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Xususan, tana haroratining keskin ko‘tarilishi, kuchli bosh og‘rig‘i, bo‘yin va bel sohasida qattiqlik, yuz va tanada qizil yoki ko‘kimtir toshmalar paydo bo‘lishi, ko‘zning yorug‘likka sezgirligi, umumiy holsizlik, qayt qilish, tez nafas olish va ongning xiralashishi kabi belgilar kasallikdan darak berishi mumkin.

Mutaxassislar qayd etganidek, infeksiya qo‘zg‘atuvchisi asosan havo-tomchi yo‘li orqali — yo‘talish, aksirish, shuningdek, yaqin muloqot paytida (idish-tovoq va ichimliklarni bir idishdan foydalanish va iste’mol qilish orqali) yuqadi. Ayniqsa, yopiq va shamollatilmaydigan joylarda uzoq vaqt birga bo‘lish infeksiya tarqalish xavfini yanada oshiradi.
Seminarda profilaktika choralariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish, qo‘llarni tez-tez yuvish, ommaviy joylarda ehtiyotkorlikni oshirish, immunitetni mustahkamlash, shuningdek, vaksinatsiya meningokokk infeksiyasiga qarshi eng samarali himoya vositalaridan biri ekani ta’kidlandi. Shu bilan birga, shubhali alomatlar kuzatilganda o‘zini o‘zi davolashga urinmasdan, zudlik bilan tibbiyot muassasasiga murojaat qilish zarurligi uqtirildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob olishdi,shuningdek,ularga amaliy tavsiyalar berildi. Eng muhimi, bunday ma’rifiy tadbirlar orqali aholi va tibbiyot xodimlari o‘rtasida yuqumli kasalliklarga nisbatan ongli va mas’uliyatli munosabatni shakllantirish, ularning oldini olishda tizimli yondashuvni kuchaytirish mumkinligi alohida ta’kidlandi.
Shu tariqa, meningokokk infeksiyasiga qarshi kurashishda eng samarali yo‘l — xabardorlik, erta tashxis va o‘z vaqtida ko‘rilgan profilaktik choralar ekani yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri