"Men shaxsan Botir Zokirovni ko‘rmaganman..."
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan «Esda qolar baxtiyor kunlar» deb nomlangan xotira kechasi o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston xalq artistlari san’at va madaniyat xodimlari, Zokirovlar sulolasi vakillari hamda Botir Zokirovning muxlislari ishtirok etdi.
— O‘zbekiston Prezidentining «O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarori juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Yil davomida juda ko‘p tadbirlar amalga oshirilmoqda. Chinakam ma’noda adabiyot, san’at, ma’naviyat bayramiga aylanib ketayotir, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi direktori Minhojiddin Hojimatov – Men shaxsan Botir Zokirovni ko‘rmaganman, suhbatini olmaganman, lekin men ham xuddi siz kabi uni qo‘shiqlari orqali bilaman. Har bir qo‘shiqlarida uning qalbi ko‘rinib turadi.
Biz – adabiyot ahli ko‘pincha, yozuvchilar haqida gap ketganda, falonchi yozuvchi falon asari bilan o‘ziga haykal qo‘ydi, deymiz. Lekin Botir Zokirovning qaysi bir qo‘shig‘i haykal emas?! Qaysi bir qo‘shig‘ini bee’tibor tinglash mumkin? Har bir qo‘shig‘i bizning ma’daniyat, san’at xazinamizdagi javohirga teng bo‘lgan ashulalardir. Botir Zokirov qo‘shiqlari bilan o‘ziga haykal qo‘ygan san’atkor.
Uning qo‘shiqlarini eshitib to‘ymaysan, eshitgan sari qayta-qayta eshitging kelaveradi.
Tadbirda Botir Zokirov hayot yo‘li yodga olindi. U bilan bog‘liq xotiralar eslandi.
D. Mamatova, O‘zA muxbiri