“Men sevgan bahor” – shoir Turob Niyozning yangi kitobi
Inson qalbi she’riyat orqali taskin va huzur, ma’naviy kuch-quvvat topadi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoir Turob Niyoz so‘zga g‘oyat mas’uliyatli, samimiy, sofdil, kamtarin ijodkor. Yaqinda uning “Men sevgan bahor” nomli she’riy to‘plami nashrdan chiqdi.
Turob Niyoz — XX asrning 90-yillarida o‘zbek she’riyatiga kirib kelgan, o‘z ovozi va uslubiga ega taniqli zamonaviy lirik shoir va jurnalist.
Shoir o‘z she’rlarida oilaviy baxt, xotirjamlik va insoniy mehr-oqibatni, odamiylikni, poklik va halollikni juda sodda va ta’sirli misralarda ifoda etadi. Turob Niyoz qalb kechinmalari, insoniy munosabatlar va go‘zallikni kuylovchi ko‘plab to‘plamlar muallifi.
Ijodkor “Muhabbat osmoni”, “Gullagan bog‘lar”, “Muhabbat gullari”, “Ochiq yurak”, “Ko‘ngilga murojaat”, “Ummon yurak” kabi she’riy to‘plamlarning muallifi. Turob Niyoz ijodida Vatan va tabiat madhi, o‘zi tug‘ilib o‘sgan maftunkor go‘sha — G‘allaorolning betakror tabiati, tog‘lari va go‘zal manzaralari alohida o‘rin tutadi. Uning ijod namunalarida hayot sinovlari, vaqtning tez o‘tishi va inson kamoloti haqida teran falsafiy fikrlar badiiy obrazlar orqali ochib berilgan.
Shoirning “Men sevgan bahor” nomli yangi she’riy to‘plamida ham Vatan, ona, tabiat, mehr-muhabbat, insondagi fazilat va qusurlar qalamga olingan.
Ushbu to‘plamda she’rlar bilan birga o‘nga yaqin g‘azal, ellikka yaqin tuyuqlar, 350 dan ortiq to‘rtliklar, shuningdek, mingdan ortiq ikkiliklar joy olgan. Ularni mutolaa qilgan kitobxon bugungi dunyo, hayot, odamlar va tabiat bilan yuzma-yuz kelgandek bo‘ladi. Yurtdoshlarimizni o‘ylantirayotgan muammolar, hayotda uchraydigan turli dardu tashvishlar, kitobxon ko‘z o‘ngidan birma-bir namoyon bo‘ladi.
Ushbu she’riy to‘plam filologiya fanlari doktori, professor Qurdosh Qahramonovning taqrizi va “So‘zni Vatan kabi sevgan shoir” nomli kirish so‘zi bilan boshlanadi.
Aytish kerakki, Turob Niyoz mehnat faoliyatini “O‘zbekiston” nashriyotida boshlab, u yerda nashr etilgan ko‘plab kitoblarga muharrirlik qildi. 1989-yilda “Lening uchquni” – hozirgi “Tong yulduzi” gazetasida bo‘lim boshlig‘i vazifasida ishladi.
1992-yildan boshlab O‘zbekiston radiosining “Adabiyot” va “Musiqa” muharririyatlarida, 1998-yilda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” telekanalidagi “Musiqa” va “Siyosat” muharririyatlarida, 2003-yildan boshlab “Yoshlar” telekanalida mehnat qildi. 2023-yildan O‘zbekiston Milliy axborot agentligida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Turob Niyoz o‘z faoliyati davomida ko‘plab maqola va xabarlar yozdi, yuzlab ko‘rsatuv va eshittirishlarga mualliflik qildi. Uning 13 ta she’riy to‘plami nashr etilgan. Ijodkor “Eng ulug‘, eng aziz”, “Vatan uchun yashaylik”, “Posboniman muqaddas yurtning” nomli ijodiy tanlovlarda sovrindor bo‘lgan. 2024-yilda Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan “Shuhrat” medaliga sazovor bo‘lgan.
N.Usmonova, O‘zA