Men ham kelajakda harbiy boʻlaman
Tadbirda harbiy xizmatchilar sportning qoʻl jangi va boshqa turlari boʻyicha qiziqarli sahna koʻrinishlarini namoyish etdi.
Janubi-Gʻarbiy maxsus harbiy okrugining Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismlarida Vatanimiz mustaqilligining yigirma toʻqqiz yilligiga bagʻishlangan “Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!” shiori ostida oʻtkazilayotgan tadbirlar davom etmoqda.
Termiz garnizoni harbiy qism harbiy xizmatchilari ishtirokida viloyat markazidagi 12-Mehribonlik uyida tashkil etilgan madaniy-maʼrifiy tadbir “Hech kim eʼtibordan chetda qolmaydi” mavzuiga bagʻishlandi.
Tadbirda soʻnggi yillarda Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimiz mustaqilligi, hududiy yaxlitligi, barqaror rivojlanishi va xalqimiz tinchligini yana-da ishonchli himoya qilishga xizmat qilayotgani taʼkidlandi. Milliy armiyamiz jamiyatimizning ajralmas qismi hamda oʻsib kelayotgan yosh avlod va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning faol hayotiy pozitsiyasini mustahkamlash, yurtimiz kelajagi uchun fuqarolik masʼuliyati hissini oshirishda yetakchi institutga, yoshlar uchun Vatan himoyasi sharafli burchga aylangani qayd etildi.
Tadbirda harbiy xizmatchilar sportning qoʻl jangi va boshqa turlari boʻyicha qiziqarli sahna koʻrinishlarini namoyish etdi. Termiz garnizoni maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestori jamoasi ijro etgan Ona Vatan, tinchlik, doʻstlik va obod turmushni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar bolajonlarga bayram shukuhini ulashdi.
– Mazkur uchrashuv bizga juda yoqdi, – deydi 12-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi N.Abdurasulova. – Vatanimizga boʻlgan muhabbatimiz yana-da oshdi. Mard, jasur harbiy akalarimizga havasimiz keldi. Men ham kelajakda egnimga harbiy libos kiyib, oʻz hayotimni Vatan himoyasi va xalqimiz osoyishtaligiga bagʻishlamoqchiman. Bu maqsadga erishish uchun aʼlo baholarga oʻqib, boʻsh vaqtlarimda jismonan chiniqyapman.
Tadbir yakunida tarbiyalanuvchilarga rang-barang badiiy va tarixiy kitoblar tuhfa qilindi.