"Men ham harbiy bo‘laman” kitob-albomi taqdimoti
Sardoba tumanida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sardoba tumani bo‘linmasi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, IIVning tuman bo‘limlari xodimlari hamda 6- o‘rta umumta’lim maktabida ochilgan “Yosh gvardiyachilar” sinfi o‘quvchilari ishtirokida “Men ham harbiy bo‘laman” kitob-albomi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
– Yoshlarni milliy g‘urur, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi sa’y-harakatlarni yanada rivojlantirish maqsadida tumanimizda turli-tuman tadbirlar tizimli ravishda o‘tkazilmoqda, – deydi mahalliy "Sharafli yo‘l" gazetasi bosh muharriri, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi Suyun Namozov.


– Binobarin Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan birgalikda chop ettirilgan “Men ham harbiy bo‘laman” kitob-albom taqdimoti o‘tkazilishi xayrli ishlarga hamohang bo‘ldi. Ushbu ajoyib risola ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismida Markaziy Osiyo va O‘zbekiston tarixida harbiy ish, qurollanish sohasi va mudofaa tizimi haqida qisqacha bayon etilgan, ikkinchi qismida O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining tashkil topishi va rivojlanishi bilan bog‘liq ma’lumotlar mujassam.
Taqdimotda kitob-albomda milliy davlatchiligimiz tarixi, Vatan mustaqilligi va ozodligi yo‘lida jasorat va mardlik ko‘rsatgan qahramon ajdodlarimiz hayotidan lavhalar, jangovar qurollarning rivojlanish tarixi, zamonaviy armiyamiz salohiyati, mudofaa doktrinamiz o‘z aksini topganligi alohida ta’kidlandi.


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri