“Men G‘olib” vatanparvarlik yugurish musobaqasi yuqori saviyada o‘tdi
O‘zbekistonda ommaviy sportni aholi o‘rtasida yanada ommalashtirishda yugurishning o‘rni beqiyos ekani barchamizga ma’lum. Aholimiz sog‘lom turmush tarziga qaratayotgan ulkan e’tibori natijasida yugurish faqat tor doiradagi ishqibozlar mashg‘uloti emas, balki aholining turli qatlamlari uchun kundalik hayotning ajralmas qismiga aylanib bormoqda.
Shu ma’noda, “Men G‘olib” ommaviy yugurish musobaqalari mamlakatdagi mazkur jarayonning muhim harakatlantiruvchi kuchlaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Bugun, 10-may kuni butun respublikamiz va Qoraqalpog‘istonda Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan an’anaviy “Men G‘olib” vatanparvarlik yugurish musobaqasi o‘tkazildi. Unda jami 30 mingga yaqin qatnashchi ishtirok etdi. Poytaxtimizda o‘tgan an’anaviy “Men G‘olib” vatanparvarlik yugurish musobaqasida Qurolli Kuchlar tarkibi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamda minglab yugurish ishqibozlari qatnashdi. Tadbirda 2 mingdan ortiq yugurish ixlosmandlari o‘z omadini sinovdan o‘tkazdi.
“Men G‘olib” nafaqat sport musobaqasi, balki sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash, xalq va armiya o‘rtasidagi jipslikni yanada kuchaytirishga xizmat qildi hamda ishtirokchilar uchun o‘z imkoniyatlarini namoyon etish maydoniga aylandi. 10 kilometr masofada professional sportchilar, Qurolli Kuchlar va kuch tuzilmalari vakillari o‘rtasida qizg‘in bahslar kechdi.
3 kilometrli yo‘nalishda esa Eldor Botirov, Otabek Fayzullayev va Nasimbek To‘ychiyev kuchli uchlikdan joy oldi. Xotin-qizlar o‘rtasida esa Inobat Tojiboyeva musobaqa g‘olibi bo‘ldi.
[gallery-29334]
“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida yuqori kayfiyat va ko‘tarinki ruhda o‘tgan musobaqa yakunida marrani muvaffaqiyatli bosib o‘tgan har bir ishtirokchi maxsus esdalik medali bilan taqdirlandi. Shuningdek, yuqori o‘rinlarni egallagan g‘olib va sovrindorlarga pul mukofotlari topshirildi.
Javohir Toshxo‘jayev
Almurod Mamadaminov (surat), O‘zA