Meloni: Men bannerlar emas, odamlarning real muammosi bilan shug‘ullanaman
Italiya bosh vaziri Jorja Meloni “Italia Viva” partiyasining axborot kampaniyasi uning g‘azabiga sabab bo‘lgani haqidagi xabarlarni rad etdi, deb xabar bermoqda “Italpress” nashri.
Qayd etilishcha, hukumat rahbari mazkur kampaniya yuzasidan na Transport vazirligiga, na boshqa idoralarga murojaat qilganini aytgan.
Gap o‘lkadagi “2 per mille” tizimi haqida ketmoqda. Unga ko‘ra, fuqarolar daromad solig‘ining ma’lum qismini siyosiy partiyalarni moliyalashtirishga yo‘naltirishi mumkin. “Italia Viva” ushbu tizim doirasida mablag‘ jalb qilish maqsadida temiryo‘l vokzalida reklama kampaniyasini olib borgan.
Italiya ommaviy axborot vositalarida esa Jorja Meloni mazkur reklama kampaniyasidan norozi bo‘lgani va uni cheklash uchun bosim o‘tkazgani haqida xabar tarqalgan edi.
— “Italia Viva” kampaniyasi meni asabiylashtirgani haqiqat emas. Shuningdek, hukumat Transport vazirligidan izoh so‘ragani haqidagi xabar ham to‘g‘ri emas. Aksincha, men bu kampaniyani kommunikatsiya nuqtai nazaridan samarali deb hisoblayman va buni uning muallifi Matteo Rensiga shaxsan aytganman, — dedi Meloni.
Italiya bosh vaziri ayrim doiralar kampaniyani o‘zgartirish yoki to‘xtatish bo‘yicha taklif bergani haqidagi ma’lumotlarga ham munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, u reklama joylashtirish masalasi bilan emas, aholining dolzarb muammolari bilan shug‘ullanadi.
— Italyanlar partiyaviy targ‘ibot bilan real vaziyat o‘rtasidagi farqni yaxshi anglaydi. Men temiryo‘l bekatidagi plakat bilan emas, odamlarning aniq muammosi bilan bandman va shunday bo‘lib qoladi, — dedi Jorja Meloni.
D.Hakimov, O‘zA