Meksikada avtobus ag‘darilib, 18 kishi halok bo‘ldi
Meksikaning Oaxaka shtatida yo‘lovchi avtobus ag‘darilib ketishi oqibatida 18 kishi halok bo‘ldi, 29 odam jarohat oldi, deya ma’lum qilgan "Reuters".
Gubernator Salomon Xara matbuot vakillariga ma’lum qilishicha, poytaxt Mexiko shahridan ketayotgan avtobus Mitla-Teuantepek trassasida halokatga uchragan.
Jabrlanganlardan ikki nafarining ahvoli og‘ir. Yaradorlar shifoxonaga yetkazilgan.
Ma’muriyat marhumlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, hodisa sababi o‘rganilishini ta’kidladi.
Mahalliy ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, qurbonlar, hukmron Milliy yangilanish harakati (MORENA) partiyasi tarafdorlari yakshanba kuni Mexikoda bo‘lib o‘tgan Prezident Klaudiya Sheynbaum ishtirokidagi mitingdan qaytayotgan edi.