Mehrning chegarasi bo‘lmaydi
Mehr va saxovat, shukronalik, sabr va qanoat, o‘zgalarga yaxshilik sog‘inish, qo‘ldan kelganicha savobli ishlar qilish xalqimizning milliy fazilatlaridan sanaladi.
O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Toshkent shahar bo‘limi boshqaruvi va tuman bo‘linmalari tomonidan Qurbon hayiti bayrami arafasida ko‘plab Ijtimoiy-ma’naviy loyihalar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 1 iyulda “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga binoan Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan mamlakatimizda xayr-saxovat tadbirlarini yanada ko‘proq o‘tkazish, mahallalar obodligiga e’tiborni kuchaytirish, muhtoj oilalar holida xabar olishga oid ishlar hajmi yanada kengaydi.

“Mahalla” fondi Toshkent shahar bo‘limi tashabbusi bilan Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarni xonadonlariga tashrif buyurib xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Jumladan, Sergeli va Yangihayot tumani mahallalari hududida istiqomat qiluvchi 8 ta, Yakkasaroy tumani mahallalari hududida istiqomat qiluvchi 4 ta, Olmazor tumani mahallalari hududida istiqomat qiluvchi 7 ta, Bektemir tumani mahallalari hududida istiqomat qiluvchi 200 ta, Uchtepa tumani mahallalari hududida istiqomat qiluvchi 10 ta, Shayxontohur tumani mahallalari hududida istiqomat qiluvchi 14 ta, Yashnobod tumani mahallalari hududida istiqomat qiluvchi 4 ta, jami 247 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga 16 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari berildi.

Yashnobod tumani «Bunyodkor» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Visol ko‘chasi 14-uyda yashovchi 1-guruh nogironligi bo‘lgan fuqaro Alimjon Mahmudov hamda Yangi davr mahallasidagi Oq daryo 1-muyulish ko‘chasi 8-uyda yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj 1-sonli kasalxonada davolanayotgan Abdullayev Rustam holidan xabar olinib nogironlik aravachasi hamda oziq-ovqat mahsulotlar berildi.

Bu kabi ezgu amallar nainki poytaxtimiz, balki mamlakatimiz mahallalarida faol davom etmoqda.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri