“Mehrli maktab” ta’lim muassasalari ochiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Gematologiya, onkologiya, klinik immunologiya, boshqa statsionar va uzoq muddatli ambulator davolanishda bo‘lgan bolalarga ta’lim va tarbiya berish tizimini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga ko‘ra, “Mehrli maktab” davlat ta’lim muassasasi tashkil etiladi va davlat tibbiyot muassasalarida gematologiya, onkologiya, klinik immunologiya, boshqa statsionar va uzoq muddatli ambulator davolanishda bo‘lgan bolalar uzluksiz ta’lim-tarbiya jarayoniga jalb qilinadi.
2023-2028 yillarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Sog‘liqni salash vazirligining gematologiya, onkologiya, klinik immunologiya, boshqa statsionar va uzoq muddatli ambulator davolanishda bo‘lgan bolalar davolanayotgan davlat tibbiyot muassasalarida “Mehrli maktab”ining filiallari bosqichma-bosqich, har yili kamida 3 ta hududda tashkil etib boriladi.
Maqsad - tibbiyot muassasalarida ambulator davolanishda bo‘lgan bolalarning hayotga ijtimoiy moslashuvi, ularning maktabgacha ta’lim hamda umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida ta’limni davom ettirishga tayyorligini ta’minlash.
Filiallar faoliyatini muvofiqlashtirib borish uchun Mehrli maktab direktorining filiallar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari, xodimlar faoliyatini muvofiqlashtirib borish uchun esa kadrlar bilan ishlash bo‘yicha inspektor lavozimlari joriy etiladi.
Filiallar tegishli tibbiyot muassasalarida ajratilgan xonalarga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.
O‘zA