Mehr va ishonch maskani
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan kunduzgi parvarish xizmatlari nogironligi bo‘lgan bolalar va ularning ota-onalari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Ushbu xizmatlar orqali bolalar maxsus mutaxassislar nazoratida reabilitatsiya, rivojlantiruvchi mashg‘ulotlar va ijtimoiy moslashuv dasturlari bilan qamrab olinsa, ota-onalarning mehnat qilish, kasb o‘rganish va jamiyat hayotida faol ishtirok etish imkoniyatlari kengaymoqda.
Buxoro shahrida tadbirkor Dilbar Yadgorova tashabbusi bilan tashkil etilgan “Fayzli mehrli qalblar” kunduzgi parvarish maskani bugun ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilayotgan muassasalardan biri hisoblanadi. Hozirgi kunda markazda 15 nafar nogironligi bo‘lgan bola kunduzgi parvarish, reabilitatsiya va rivojlantiruvchi xizmatlar bilan qamrab olingan.
Markazda bolalarning jismoniy va ruhiy holatini yaxshilashga qaratilgan turli mashg‘ulotlar muntazam tashkil etiladi. Malakali mutaxassislar tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy va reabilitatsion xizmatlar natijasida bolalarning sog‘lig‘i mustahkamlanib, ularning mustaqil hayot ko‘nikmalari shakllanib bormoqda.
Shunday bolalardan biri Mirfayzjon Sharafovdir. Ilgari uning barcha parvarishi onasi Risolat opaning zimmasida bo‘lib, farzandining holati tufayli u deyarli butun vaqtini uning yonida o‘tkazar edi. Bu esa boshqa farzandlar tarbiyasi va shaxsiy rivojlanish uchun vaqt ajratish imkoniyatini cheklab qo‘yardi.
Mirfayzjon kunduzgi parvarish markaziga qatnay boshlagach, uning hayotida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Mutaxassislar bilan olib borilgan mashg‘ulotlar natijasida bolaning sog‘lig‘i yaxshilanib, nutq rivojlanishida ham ijobiy siljishlar qayd etildi. Eng muhimi, u yangi muhitga moslashib, tengdoshlari bilan muloqot qilishni o‘rgandi.
Bu o‘zgarishlar Risolat opaning hayotiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Endi u nafaqat farzandining parvarishi bilan shug‘ullanmoqda, balki boshqa farzandlariga ham ko‘proq e’tibor qaratish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Oiladagi ma’naviy muhit yaxshilanib, kelajakka bo‘lgan ishonch yanada mustahkamlandi.
Kunduzgi parvarish xizmatlarining ahamiyatini Buxoro shahridagi Chorbaxossa mahallasi misolida ham ko‘rish mumkin. Mahallada istiqomat qiluvchi nogironligi bo‘lgan bolalar va ularning oilalari holati ijtimoiy xodimlar tomonidan muntazam o‘rganilib, ehtiyojmandlarga manzilli ko‘mak ko‘rsatilmoqda.
Shunday oilalardan biri Ayubjon Qurbonovning oilasidir. Zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, tibbiy-psixologik-pedagogik komissiya xulosasi olingandan so‘ng, Ayubjon kunduzgi parvarish xizmatlariga jalb etildi. Natijada bolaning rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar yaratildi, uning onasi esa mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish imkoniga ega bo‘ldi.
Bugungi kunda u mahallada ishlab, oila daromadiga munosib hissa qo‘shmoqda. Bu esa oilaning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash, turmush darajasini yaxshilash va kelajak rejalarini ishonch bilan belgilashga xizmat qilmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, kunduzgi parvarish xizmatlari nogironligi bo‘lgan bolalarning mustaqil hayot ko‘nikmalarini shakllantirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish va jamiyatga moslashuvini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, bu xizmatlar ota-onalarning ruhiy zo‘riqishini kamaytirib, ularning mehnat bozorida faol ishtirok etishiga sharoit yaratadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri