Mehr va e’tibor ko‘rsatish azaliy qadriyatdir
3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni
Namangan shahridagi “Sherdor” tantanalar majmuasida Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan dasturxon atrofidagi tadbirga jismoniy imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, o‘zining faolligi, tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan jamiyat taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shayotgan 350 nafardan ziyod matonatli hamyurtlarimiz taklif qilindi.

Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov bugungi kunda yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan fuqarolarga alohida e’tibor va amaliy g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyiliga hamohang ekanligini ta’kidladi.
Bugungi kunda Namangan viloyatida 81 mingga yaqin nogironligi bor fuqarolarning jamiyatda o‘z munosib o‘rnini his qilib yashashi, o‘qishi va mehnat qilishi, ijtimoiy imtiyozlardan foydalanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan.

– Joriy yilning o‘tgan davrida viloyat, tuman, shahar hokimliklari tomonidan 1 ming 155 nafar nogironligi bor shaxsga oddiy va elektron nogironlar aravachalari, 651 nafariga eshitish moslamasi, 1591 nafariga qo‘ltiq-tayoq va yurish moslamalari, 1315 nafariga esa protez-ortopediya mahsulotlari, 1626 nafariga sog‘lomlashtirish maskanlariga yo‘llanmalar berildi, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Ibrohim Hojiyev. – Namangan viloyati nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazi tomonidan tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari bergan yo‘llanma asosida o‘tgan davrda 1 ming 118 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs, shu jumladan, 84 nafar bolaga o‘zi-o‘zini boshqarish, o‘z-o‘ziga xizmat qilish, protez-ortopediya buyumlaridan foydalanish bo‘yicha reabilitatsiya tadbirlari o‘tkazildi. Qolaversa, viloyat bo‘yicha 611 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsni tanlovlarsiz ishga joylashtirishda ko‘maklashildi.

– Azaldan, mehr-oqibatli bo‘lgan xalqimizga xos bag‘rikenglik, mehribonlikni doimo ich-ichimdan his qilaman. Bunda o‘zimdagi jismoniy kemtiklarni aslo sezmayman, – deydi Namangan viloyati Chust tumani Yorqishloq mahallasida yashovchi xalqaro toifadagi sport ustasi, sportning pauerlifting turi bo‘yicha O‘zbekiston amputantlar terma jamoasi a’zosi, “Parij-2024” yozgi Paralimpiya o‘yinlari rekordchisi Ruxshona O‘ktamova. – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan viloyatimiz hokimining faxriy yorlig‘iga munosib ko‘rilishim men uchun kutilmagan quvonch bo‘ldi. Zero, hech kim mehru e’tibordan chetda emasligiga yana bir karra amin bo‘ldim. Joriy yilning 28-avgust – 8-sentyabr kunlari Fransiyada bo‘lib o‘tgan Paralimpiya o‘yinlarida garchi sovrindorlikka erisha olmagan bo‘lsamda, 114 kilo natija bilan parapauerlifting bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon rekordini yangiladim. Bu menga kelgusida o‘z ustimda intilishga yanada kuch bag‘ishladi. 2028 yilda AQSHning Los-Anjeles shahrida bo‘ladigan navbatdagi Paralimpiya o‘yinlaridan oltin medal bilan qaytish niyatim bor.
Bayram tadbirida san’atkorlarning sho‘x kuy-qo‘shiqlari, taqdim etilgan esdalik sovg‘alari barchaga mamnunlik ulashdi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA