Mehr va eʼtiborning yorqin ifodasi
Fargʻona shahridagi Islom Karimov nomidagi Teatr — konsert saroyida boʻlib oʻtgan “Prezident archasi” tantanalari bolajonlarga bir olam quvonch ulashdi.
Fargʻona shahridagi Islom Karimov nomidagi Teatr — konsert saroyida boʻlib oʻtgan “Prezident archasi” tantanalari bolajonlarga bir olam quvonch ulashdi.
Fargʻona viloyatining shahar va tumanlarida ham Yangi yil bayrami shukuhi kezmoqda. Har bir hududda ayyom tomoshalari uchun ertakmonand bezatilgan maydonlar tashkil etilgani yurtdoshlarimizga koʻtarinki kayfiyat bagʻishlamoqda. Xususan, viloyat markazidagi Kashtanzor koʻchasida 27 metrlik archa oʻrnatildi. Koʻrkam archa atrofida keksayu yosh raqsga tushib, teatr ijodkorlari tomonidan qoʻyilayotgan sahna koʻrinishlarini miriqib tomosha qilmoqda. Agar kechki mahal sayrga chiqsangiz, oʻziga xos yorqin rangdagi chiroqlar, ulardagi tasvirlar kayfiyatingizga kayfiyat qoʻshadi.
Ezgu anʼanaga aylangan “Prezident archasi” tantanalari viloyatda yuqori saviyada tashkil etildi. Tadbirga Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, maxsus maktab-internatlar oʻquvchilari, kam taʼminlangan oilalar, Vatanimiz tinchligi va sarhadlarimiz daxlsizligini taʼminlashda xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining farzandlari taklif etilib, 988 nafar oʻgʻil-qizga Prezident sovgʻalari taqdim etildi.
Muhtasham sanʼat saroyida boʻlib oʻtgan tantanali tadbir bolajonlarda unutilmas xotira qoldirdi. Biri-biridan qiziqarli dasturlar, ertak qahramonlari ishtirokidagi sarguzashtlarga boy sahna koʻrinishlari bolajonlarga manzur boʻldi. Bezatilgan archa atrofida bolajonlar Qorbobo va qorqiz bilan oʻynadi.
–Yangi yil bayramini doimo intiqlik bilan kutamiz, — deydi Margʻilon shahridagi 1-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Xasanboy Abdubannopov. – Chunki Prezidentimizning bizga atalgan sovgʻasini olishning gashti boʻlakcha. Bizga koʻrsatilayotgan mehr-muhabbat uchun ularga rahmat aytaman. Kelajakda Vatanimizning yanada taraqqiy etishiga hissa qoʻshadigan mutaxassis boʻlishga astoydil harakat qilaman.
Tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Sh. Gʻaniyev ishtirok etdi.