Mehnatidan shuhrat topgan muallim
Jizzax viloyatining Jizzax shahridagi 3-sonli umumta’lim maktabining matematika fani o‘qituvchisi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Ahmadqul Tilagov mehnati ortidan shuhrat topgan ustozlardan.
Axmadqul Tilagov 1966 yilda Jizzax viloyati Zomin tumani “O‘ral” qishlog‘ida o‘qituvchi oilasida tavallud topdi. Shu qishloqdagi 17-sonli 8 yillik maktabni, so‘ngra shu tumandagi 3-sonli o‘rta maktabni a’lo baholarga tamomladi.
Otasi Abduazim aka umrini o‘qituvchilik kasbiga bag‘ishlaganidanmi, Ahmadqul ham ota izidan borib, Jizzax davlat pedagogika instituti matematika fakultetiga o‘qishga kirdi va oliygohni 1989 yil tamomlab, mehnat faoliyatini tumandagi o‘rta maktabda matematika va fizika fani o‘qituvchiligidan boshladi.
[gallery-5338]
– Bir kuni yarim tunda qo‘shni qishloqdagi maktabdan ishdan qaytganimda, rahmatli otam uxlamay o‘tirgan ekanlar, yonlariga chorladi, – deydi Ahmadqul Tilagov. – Aka-ukalaring orasida sening iqtidoring boshqachadek nazarimda, qishloq maktabidagi o‘qituvchining ishini ko‘ryapsan, yilning yarmini dalada, paxtada o‘tkazyapti. Bu yerda talantingni namoyon eta olmaysan, shaharga bor, rivojlan, biz sen bilan faxrlanaylik, deya maslahat berdilar.
Otasining maslahati bilan Ahmadqul Tilagov 1990 yildan mana bugungi kunga qadar Jizzax shahridagi 3-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida matematika fanidan yoshlarga saboq berib kelmoqda.
Shu yili u Buvgilos bilan turmush qurdi. Turmush o‘rtog‘i ham Jizzax davlat pedagogika instituti akademik litseyining matematika fani o‘qituvchisi.
1991 yil Tilagovlar oiasida to‘ng‘ich farzand – qizlari Farangiz dunyoga keldi. Farangiz hozirda Toshkent tibbiyot akademiyasining 3-bosqich ordinanti. O‘g‘li Azamat Janubiy Koreyadagi Inxa universiteti magistranti. Yana bir qizi Farzona Toshkent Moliya institutining magistratura bosqichida tahsil olmoqda.
Ota o‘gitini olgan kam bo‘lmaydi, deganlaridek, kechagina o‘qituvchilik faoliyatini boshlagan Ahmadqul Tilagovning ish boshlaganiga bugun 33 yil bo‘libdi.
Zominning eng chekka qishlog‘idan kelgan yosh yigit bugun viloyatning eng tajribali va fidoyi pedagoglaridan. U ish faoliyati davomida serg‘ayrat, intiluvchan, mehnatsevar, o‘z kasbi va bolalarni jon dilidan sevuvchi mohir pedagog sifatida o‘zini ko‘rsata oldi.
O‘tgan yillar davomida Ahmadqul Tilagov o‘z mutaxassisligini puxta egalladi, tinmay ishladi, izlandi.
Uning o‘quvchilari yillar davomida fan olimpiadasi va turli ko‘rik-tanlovlarda faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Pedagog 2010-2011 o‘quv yilida matematika fanidan “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik tanlovining shahar, viloyat bosqichida g‘olib bo‘lib, respublika bosqichida faol ishtirok etganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi diplomi bilan taqdirlandi.
Tajribali muallim faoliyat olib borayotgan ushbu ilm dargohida uning tashabbusi bilan 2017-2018 o‘quv yilidan buyon matematika fanidan iqtidorli o‘quvchilardan tashkil topgan “Kichik akademiya” faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ushbu “Kichik akademiya” ishlari respublika “Umumta’lim fanlari metodikasi” ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy, metodik nashrida 2018 yil yanvar oyi sonida ommalashtirildi.
Shu sababdan ham A.Tilagov 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab shahar miqyosida matematika fani bo‘yicha tajriba-tayanch maktabi yetakchi trener o‘qituvchisi hisoblanadi.
– Qachonki shogirdlaring turli fan olimpiadalarida yuqori o‘rinlarni olib, yurt ravnaqi, Vatan osoyishtaligi, ilm-fan rivoji yo‘lida o‘zligini namoyon etib, “Ta’lim bergan ustozingga rahmat!” degan so‘zlarni olib bersa, ana shunda har qanday ustoz o‘z shogirdlari bilan faxrlansa, ustoz, muallim degan maqomga ega bo‘libman, desa arziydi, – deydi Ahmadqul Tilagov. – Shogirlarim yuzimni yerga qaratmadi.
Ayni paytda, ustoz “Maktab matematika darsliklariga kiritilgan nostandart misol va masalalarni yechish” hamda “Matematika darslarida interfaol usullarni qo‘llash” mavzulari ustida ilmiy ish olib bormoqda.
Talabchan va mehribon ustoz sifatida shogirdlari, ta’lim muassasasi jamoasi va mahalla ahli o‘rtasida hurmat-e’tibor qozongan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘tgan yilgi “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan chiqargan farmoniga asosan, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA