Mehnatdan qochmagan baraka topadi
Xalqimizda “Mehnat qilgan inson elda aziz” degan hikmat bejiz aytilmagan.
Bugungi kunda tomorqa va yer maydonlaridan samarali foydalanish orqali ko‘plab oilalar o‘z turmush farovonligini oshirishga erishmoqda.
Buxoro viloyati Olot tumani “Xidreyli” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Itolmasovlar oilasi ulardan biridir.

Oila boshlig‘i Quvondik Itolmasov o‘tgan yili ijaraga olgan 60 sotix yer maydonidan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘ydi. Yerdan yilning to‘rt faslida ham barqaror daromad olish maqsadida 16 million so‘m imtiyozli kredit hisobidan 5 sotix maydonda zamonaviy issiqxona barpo etdi.
Issiqxonada turli sabzavot va poliz ekinlari ko‘chatlari yetishtirilmoqda. Joriy yilda 200 ming donadan ortiq sifatli ko‘chat yetishtirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu orqali taxminan 100 million so‘m daromad olish ko‘zda tutilgan.

– Maqsadim oilamiz farovonligini oshirish, bolalarim kelajagi uchun barqaror daromad manbai yaratish, –deydi Quvondik Itolmasov. –Bizda yer bor, imkoniyat bor, davlat qo‘llab-quvvatlayapti. Yerga mehr bilan yondashsa, u albatta, o‘z samarasini beradi. Avvaliga ochiq yerda ekin ekib ish boshladik. Lekin yil davomida uzluksiz daromad bo‘lishi uchun issiqxona kerakligini angladik. Shu maqsadda imtiyozli kredit olib, 5 sotixli issiqxona barpo etdik.
Itolmasovlar oilasining tashabbusi nafaqat oila daromadini barqaror oshirishga, balki mahallada yangi ish o‘rinlarini yaratishga ham xizmat qilmoqda.
Darhaqiqat, yerga mehr bilan yondashgan, mehnatdan qochmagan, sabr bilan harakat qilgan inson, albatta, baraka topadi.
Zarif Komilov, O‘zA