Mehnatdan baxtini topayotgan ayol
Xalqaro xotin-qizlar kuni davlatimiz rahbari tomonidan Boyovut tumanidagi "Bolg‘ali Qilich aka" fermer xo‘jaligi rahbari Gulchehra Qarshiboyevaning qishloq xo‘jalik sohasida erishgan yutuqlari e’tirof etilib, davlatimizning yuksak mukofoti– "Shuhrat" medali bilan taqdirlangandi. Bu esa aslida uning mashaqqatli mehnatiga berilgan yuksak baho bo‘ldi.
–Tibbiyot texnikumini bitirib, rahmatli G‘aybulla Qarshiboyevga turmushga chiqdim. Birin-ketin 7 nafar farzandim tug‘ildi. Ammo nabiralarni bag‘riga bosadigan, erkalatib o‘ynatadigan bir vaqtda turmush o‘rtog‘imdan ajralib qoldim. Bu menga katta dars bo‘ldi. Yaqinlarim ko‘magi va maslahati bilan turmush o‘rtog‘im rahbarlik qilgan "Bolg‘ali Qilich aka" fermer xo‘jaligining rahbariga aylandim. Uddalay olarkanmanmi, degan ikkilanishlar bo‘lgan. Hayot muallim, deb bejizga aytishmas ekan,–deydi Gulchehra Qarshiboyeva.– Davlatimiz rahbarining Xotin-qizlar kuni munosabati bilan oddiygina mendek ayolga ko‘rsatgan hurmati, e’tiboridan rosti boshim ko‘kka yetdi.
Hayot bir tekisda ketmaganidek, Gulchehra Qarshiboyevaning muammolari ham ko‘p bo‘ldi. Uni sabr-toqat bilan yengib o‘tishga harakat qildi. Omadni qarangki, yerga umid bilan ekilgan bug‘doydan, chigitdan yaxshi hosil olib tumanda "Oltin fermer" maqomiga erishdi. Ana shunga ham bu yil 10 yilcha bo‘lib qoldi.

Yerga mehr qo‘yish, undan kutilgandan ko‘ra ko‘proq hosil olishning o‘zi bo‘lmaydi. Bu borada tajribali agronom, qishloq xo‘jaligi xodimlari, usta mirishkorlarning maslahati ancha foyda berdi. Chunki, qishloq xo‘jaligi sohasida agrotexnik tadbirlarni yaxshi bilmasdan, qishda ekin ekiladigan dalaga yaxob bermasdan, kech kuzda ekilgan bug‘doyga chilla suvini qo‘ymasdan yaxshi natijaga erishib bo‘lmasligini bilgach, qishni-qish, yozni-yoz demay, halovatidan kechib bo‘lsa-da, yaxshi natijalarni qo‘lga kiritdi. Yer sho‘rini yuvish, ichki zovurlarni tozalash ishlarini tizimli tashkil etishi natijasida xo‘jalik maydonlarining bonitetini 51 balldan 61 ballga ko‘tardi.
Buning natijasida u paxta hosildorligini 25-35 sentnerdan 32-40 sentnerga, g‘alla hosildorligini 80-100 sentnerga yetkazdi. Birgina o‘tgan yili 36 gektar yerga chigit qadab, undan 137 tonna paxta olib, shartnomaviy rejani 100-124 foizga, 44 gektar yerga bug‘doy ekib, undan 118 ,2 tonna sara don olib, shartnomaviy rejani 104-151 foizga bajardi. Bundan tashqari 1,2 tonna pilla yetishtirdi. Fermer xo‘jaligining rentabellik darajasini 28 foizdan 58 foizga ko‘tardi. Shunga yarasha xo‘jalikning sof daromadi 512 million so‘mni tashkil etdi.

Olingan daromadi hisobidan xo‘jalikning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida 2 ta traktor, 3 ta tirkama, 1 “BYD” elektr avtomobilini va bir qator qishloq xo‘jaligi texnikalari sotib oldi. Fermer xo‘jaligining bir nafar ishchisiga uy-joy qurib berdi. 5 nafar ishchisiga 50 million so‘m miqdorida homiylik ishlarini amalga oshirgan bo‘lsa, mahallasidagi 5 nafar fuqaroga 2,5 million so‘mdan, 5 nafar fuqaroga 0,5 tonna miqdorida bug‘doy tarqatdi. Bundan tashqari, mahalladagi tabiiy gaz quvurini yangilashga, kam ta’minlangan oila farzandlaridan 2 nafarining nikoh va 3 nafarining sunnat to‘ylarini o‘tkazishga homiylik yordamini ko‘rsatdi.
Gulchehra Qarshiboyeva 2023 yilda Respublikada o‘tkazilgan "Ishbilarmon ayol" ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi g‘olibi bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovda ikkinchi bor tuman Kengashi deputatligiga saylandi.
–Ayni vaqtda fermer xo‘jaligimda 6 nafar ishchi doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, mavsumda ular soni 50-60 nafarga yetadi,–deydi fermer.
Bugun Gulchehra Qarshiboyevaning bir etak nabirasi, ishlaydigan ishi, hurmat qiladigan, e’zozlaydigan mahalladoshlari bor. "Chin baxt, aslida shu bo‘lsa kerak" deydi u.
Bu yil fermerning rejalari katta. 38 gektar yerga ekilgan g‘alladan o‘tgan yilgidanda ko‘proq hosil ko‘tarmoqchi. Ayni vaqtda 35 gektar dala maydoniga chigit ekish uchun yerni shudgorlash va tayyorlash ishlari bilan band. Chunki, u davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilmoqda.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri