Mehnat huquqlarining himoyalanishi muhim
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Qashqadaryo viloyat sudi tashabbusi bilan “Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda mehnat nizolarini hal etishda vujudga kelayotgan muammolar, ularning yechimlari va huquqiy oqibatlari” mavzusida konferensiya tashkil etildi.
Unda viloyatda faoliyat yurituvchi tashkilot va idoralarning kadrlar masalalari bo‘yicha mas’ullari hamda kasaba uyushma qo‘mitalari raislari ishtirok etdi.


Konferensiya bugungi kunning eng dolzarb mavzularidan biri – mehnat munosabatlari va unga rioya etish, fuqarolarning buzilgan mehnat huquqlarini himoyalanishiga bag‘ishlandi.
Dastlab 2024 yil davomida sudlarga manfaatdor idoralar tomonidan kiritilgan da’vo arizalari tahlil qilinib, fuqarolarning buzilgan mehnat munosabatlarini tiklash haqida murojaat qilish, sudgacha Mediatsiya to‘g‘risidagi qonun talablaridan keng foydalanish tartiblari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, korxona va tashkilotlarga xodimning buzilgan huquqlarini himoya qilish yuzasidan taqdimnomalar chiqarilishi, xodim huquqlari o‘z vaqtida tiklanmagan hollarda da’vo arizasi berish maqsadga muvofiqligi, qolaversa, mazkur harakatlar ko‘pchilik byudjet tashkilotlarini to‘lanishi lozim bo‘lgan ortiqcha xarajatlardan saqlab qolishi tushuntirib o‘tildi.


So‘z olganlar mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari, xodim o‘z mehnat majburiyatlarini buzgan hollarda intizomiy yoki moddiy javobgarlikka tortilishi yoki mehnat qonunchiligi va boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan ta’sir choralarining qo‘llanilishi hamda qonunlarda, intizom to‘g‘risidagi ustavlar yoki nizomlarda nazarda tutilmagan intizomiy jazo choralarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.


Tadbir davomida prokuratura organlarining fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan olib borayotgan ishlari, kasaba uyushmalari, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi davlat inspektorlarining intizomiy jazo choralarini qo‘llash yuzasidan ma’ruzalari eshitildi.
Qizg‘in tarzda bo‘lib o‘tgan konferensiya davomida ishtirokchilar amaliyotda yuzaga kelayotgan bahsli mavzular va muammolar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri