Mehmondo‘st diyor bo‘ylab...
Yaqinda do‘stim bilan Qozog‘istonga borish nasib etdi.
Yaqinda do‘stim bilan Qozog‘istonga borish nasib etdi. U yerga borib ishlasak kerak, deb o‘ylagan edik, miriqib dam olib qaytdik. Mamlakat janubida joylashgan serquyosh Olmaota shahri bizni iliq qarshi oldi.
Meni eng avvalo, Qozog‘istonning mehmondo‘st va samimiy xalqi hayratga soldi: ular bizga yo‘l ko‘rsatdi, xaritada kerakli manzilni aniqlashimizga bajonidil yordam berishdi.
Shahar boy tarixga ega. Bu uning me’morchiligida ham o‘z aksini topgan. O‘ymakor deraza eshikli va naqshinkor chaspaklarga ega qadimiy obidalar zamonaviy osmono‘par binolar bilan uyg‘unlashib ketgan. Biz bu go‘zallikdan ilhomlanib, har bir lahzani fotosuratlarga muhrladik.
Mashhur Trip Advisor xizmati bizga diqqatga sazovor joylarni aniqlashga yordam berdi. Nafaqat shahar ichkarisi, balki uning atrofida ham ajoyib maskanlar borligi ma’lum bo‘ldi. Olmaota shahri pastlikda joylashgan bo‘lib, uning atrofi tog‘lar bilan o‘ralgan. Shu bois, shaharga qay tomondan qaramang, juda maftunkor ko‘rinishga ega.
Ha aytganday, tog‘lar ham bir qadam. Shahardan avtomashinada yarim soatlik yo‘l bosilsa, Ko‘k-To‘ba tog‘i keladi. Bu yerda barpo etilgan tomosha maydonchalaridan Qozog‘iston janubiy poytaxtining go‘zal manzarasi ko‘zga tashlanadi. Shuningdek, bu yerdan to‘g‘ri shahar markaziga boradigan arqon yo‘l orqali sayr qilib, qushlar parvozini ham kuzatsa bo‘ladi.
Qariyb 1700 metr balandlikda sport majmuasi va Medeo chang‘i kurorti joylashgan. Ochig‘ini aytganda, men konkida uchishni bilmayman, biroq u yerda do‘stimni maroq bilan suratga oldim. Ayniqsa, u yerda sayr qilish va sof tog‘ havosidan nafas olish menga juda xush yoqdi. Go‘yo qaergadir shoshayotgandek, tepadan shiddat bilan oqayotgan tog‘ daryosi ham e’tiborimizni tortdi...
Biz yanada yuqoriga – xushmanzara Chimbuloq chang‘i kurortiga ko‘tarildik. Ochig‘ini aytganda, arqon yo‘l orqali yuqoriga ko‘tarilar ekanmiz, shamol bir necha bor shiddat bilan esganini payqadik. Albatta men bundan, ayniqsa pastga qaraganimdagi manzaradan biroz qo‘rqqanimni sezdirmaslikka harakat qildim. Biroq bosib o‘tilgan yo‘l hayratlanishga arzirdi. Ko‘z o‘ngimizda haqiqatan ham go‘zal manzara namoyon bo‘ldi. Chimbuloqning eng yuqori cho‘qqisi bulutlardan ham baland edi. Biz o‘zimizni go‘yo allaqanday havo kemasida parvoz etayotgandek his etdik.
Shundan so‘ng Katta Olmaota ko‘liga borishga muvaffaq bo‘ldik. U ham baland tog‘larda joylashgan bo‘lib, atrofi uchta tog‘ cho‘qqisi bilan o‘ralgan. Biz bu yerda qiziq manzaraning guvohi bo‘ldik: havo o‘zgaruvchan edi. Bundan quyoshning zarrin nurlari momiq va ayni paytda og‘ir bulut qatlari orasidan o‘tib, qo‘ldagi suvni qandaydir sehrli tovlantirardi. Bu manzara menga nihoyatda yoqqanidan bu o‘lkalarda yana shunday go‘zal suv havzalari bor-yo‘qligi bilan qiziqdim. Ma’lum bo‘lishicha, bu kabi xushmanzara maskanlar ko‘p ekan!
Ertasi kuni Ko‘lsoy ko‘llari bo‘ylab sayr qilish uchun milliy bog‘ga yo‘l oldik. Ignabargli daraxtlarga to‘la o‘rmonlar bilan o‘ralgan uchta ko‘rkam ko‘lni ko‘rganimizda, “Bu yerning go‘zal tabiatini tasvirlashga til ojiz”, - dedi do‘stim hayratlanib. U yerning rang-barangligi, xushbo‘y ifori, bu maskanlarda taralayotgan ovozlar kishini hayratga solishi shubhasiz. Bejiz bu yerni “Shimoliy Tyan-Shyan durdonasi” deb atashmas ekan. Menimcha bu yerlarning tabiati asl holicha, tinch va osoyishta saqlangan bo‘lsa kerak...
Shundan so‘ng Charik milliy bog‘iga sayohat uyushtirildi. Qariyb 12 million yillik cho‘kindi tog‘ jinslaridan paydo bo‘lgan tog‘ yodgorligi –Charin kanonini o‘z ko‘zim bilan ko‘rishni juda istardim. Kanon bag‘rida muzlik davrining guvohi bo‘lgan qadimgi shumtolzorlar, sal nariroqda Osiyo terakzorlari saqlanib qolgan ekan.
Bog‘dagi ajib hayvonot va nabotot olamining xilma-xilligi meni hayratga soldi. Bu yerda fuqarolar tabiatga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlari ko‘rinib turardi.
Charin kanoni yon daftarchamda xuddi oddiy qalam bilan chizilgan eskizlar ko‘rinishida chizildi. Ayniqsa, Qasrlar vodiysi xotiramga muhrlanib qoldi. Nima bo‘lganda ham, rasmlarni tugatishga harakat qilaman. Buning ustiga rasm uchun zarur kadrlarni ham muhrlab qo‘yganman.
Tan olib aytish kerakki, Olmaota shahri butunlay meni o‘ziga rom etdi. Men bu shaharni, u yerning ajoyib o‘lkalarini sevib qoldim va albatta bu yerga yana qaytaman. “Qanday qilib, bitta shahar atrofida shuncha xushmanzara maskanlar bo‘lishi mumkinligi hech xayolimga sig‘maydi. Axir bu yerni tabiatning o‘zi sayyohlarni o‘ziga jalb qilib dam olish markaziga aylantirgan”, dedim bizga hamrohlik qilib borayotgan gidga. Biroq u “Qozog‘istonda bu kabi maskanlar juda ko‘p” deb beparvogina javob qaytarib mamlakatning boshqa hududlariga ham tashrif buyurishni maslahat berdi.
Sayohatimiz so‘nggida Qozog‘istonda tabiatga bo‘lgan mehr va g‘amxo‘rlik kuchli ekaniga, insonlar kelgusi avlodlar ham yam-yashil o‘tloqlar bilan qoplangan va har xil hayvonlarga boy tabiatdan bahramand bo‘lishlari, toza havodan nafas olishlari uchun uni doimo asrab-avaylashini tushunib yetdim.